FARG’ONA VILOYAT O’LKASHUNOSLIK MUZEYI

FARG’ONA VILOYAT O’LKASHUNOSLIK MUZEYI — madaniy-ma’rifiy muassasa; Respublikadagi keksa muzeylardan. Fargona shahrida joylashgan. 1894 yilda yangi Marg’ilon (hozirgi Farg’ona) shahrida ochilgan qishloq xo’jalik va sanoat ko’rgazmasi negizida 1895 yilda asos solingan. Dastlab «Farg’ona viloyati xalq muzeyi» (1899— 1911, fondida 2223 dona buyum va kitoblar bo’lgan), «Farg’ona shahar ilmiy muzeyi» (1920-38) nomlari bilan atalgan. 1938 yildan hozirgi nomida. Muzeyning tarix, tabiat, ilmiy-ma’rifiy, san’at hamda xazina bo’limlari bor. Muzey o’lka tabiati va qadimdan 20-asr boshlarigacha bo’lgan tarixini o’zida aks ettirgan doimiy ekspozitsiya (arxeologik topilmalar, amaliy san’at namunalari, san’at asarlari va boshqalar)ga ega. Muzey fondida arxeologiya (10000 dan ziyod), numizmatika (7895 ta), amaliy san’at (900 ta Nodir kulollik, 1200 ta miskarlik, 562 ta zargarlik, 1670 ta kiyim va kashtado’zlik buyumlari va b.), tasviriy san’at (1000 dan ziyod) va b. dan iborat osori atikalar mavjud. Muzey tarkibiga Hamza Hakimzoda Niyoziy memorial muzeyi (Shohimardonda), adabiyot va san’at muzeyi (Marg’ilonda) hamda viloyatning shahar va tumanlaridagi boshqa jamoatchilik muzeylari kirgan. Muzey zamonaviy texnika b-n jihozlangan (jumladan, Internetga ulangan kompyuter tizimiga ega). Muzey ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi, xorijiy mamlakatlar (Angliya, Yaponiya va boshqalar) bilan hamkorlik qiladi. Muzey 1985 yildan maxsus qurilgan zamonaviy binoda joylashgan.