«FARG’ONA YOG’-MOY» AKTSIYADORLIK JAMIYATI
«FARG’ONA YOG’-MOY» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — yog’-moy sanoatining yirik korxonasi. «Yog’moytamakisanoat» uyushmasi tarkibida. Tozalangan va hidsizlantirilgan paxta yog’i, paxta salat yog’i, ozuqa salomasi, texnik salomas, texnik salomas yog kislotalari, 88-98%li va yuqori navli gliserin, xo’jalik sovuni, atir sovun, soya yog’i va shroti ishlab chiqaradi. Korxona dastlab Farg’ona davlat yog’ zavodi nomi bilan 1930 yil 1 oktabrda foydalanishga topshirilgan. 1931 yil sovun zavodi hamda yog’ni rafinasiyalash tsexi, 1935 yil texnik gliserin ishlab chiqarish tsexi, 1946 yilda gidrogenizasiya zavodi ishga tushirilgan. 1947 yildan Farg’ona yog’moy kombinati. 1950 yilda gliserinni bug’lantirib sof toza mahsulot ishlab chikaruvchi gliserin tsexi, 1958 yilda yog’ni reaktivsiz parchalash tsexi, 1959 yilda soapstok yog’ kislotalarini distillyasiya qilish tizimi kurildi. 1966 yildan mayonez tayyorlashda ishlatiladigan salat yog’i ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Korxona bir sutkada 800 tonna paxta chigitini qayta ishlash quvvatiga ega. Chet el texnologik uskunalari bilan jihozlangan. 2003 yilda korxonada 9,8 ming tonna paxta yog’i, asosiy mahsulotlardan 2358 tonna «Uzbekistan» yog’i, 259 tonna salat yog’i, 1096 tonna gliserin, 7676 tonna xo’jalik sovuni, 1224 tonna atir sovun, 14064 tonna texnik salomas, 1293 tonna soapstokning distillangan yog’kislotalari ishlab chiqarildi. 2002 yildan xorijdan olingan soya dukkaklaridan soya yog’i ishlab chiqaradi. Korxona ishlab chiqaradigan mahsulotlardan soya shroti, gliserin chet ellarga eksport qilinadi.