FARZ

FARZ (Arabcha — qat’iyat, majburiyat) — hamma musulmonlar bajarishi qat’iy buyurilgan amallar. Bularga Qur’onda ko’rsatilgan diniy e’tiqod, marosim, urfodat talablari, axloqiy va huquqiy normalar kiradi. Farz 2 tur — «farzi Ayn» va «farzi kifoya»ga bo’linadi. Birinchi turi barcha musulmonlarga babbarobar buyurilgan bo’lib, ularning adadi 40 atrofida (masalan, namoz, ro’za, tahoratdati Farzlar). Amri Ma’ruf, nahiy munkar, ilm olish ham «farzi Ayn»ga kiradi. «Farzi kifoya» esa bir qism musulmonlar bajarsa qolganlar zimmasidan soqit bo’ladigan ishlar. Masalan, janoza namozi, kafanlash, murdani yuvish, dafn etish kabilar. Shariatga ko’ra, Farzning bu turiga kiruvchi ishlarni hech bir musulmon bajarmasa, hamma musulmonlar gunohkor bo’ladilar. Keng ma’noda Farz — bajarilishi zarur bo’lgan vazifa, burch.