FASSIOLYOZ
FASSIOLYOZ — odam va hayvonlarning gijja kasalligi. Trematodalar sinfiga mansub fassiolalar qo’zg’atadi. Ular tuxumini odam va o’txo’r xayvonlar jigari, o’t yo’llari, o’t pufagiga qo’yadi, tashqariga axlat orqali chiqadi. Kasallik qo’zg’atuvchisining keyingi rivojlanish davri suvli muhitda va oraliq xo’jayin organizmi — mollyuskalarda o’tadi. Lichinka mollyuska tanasida bir necha bosqichda tullab rivojlanadi. Fassiolalar lichinkasi bo’lgan suv yoki o’simlik iste’mol qilinganda Fassiolyoz yuqadi. Kasallik o’tkir va surunkali kechadi. Fassiolyozning qo’zg’atuvchisi organizmga kirib, oradan 2-4 hafta o’tgach, bemor isitmalaydi, toshma toshib, yo’tal paydo bo’ladi. Jigar kattalashadi va ushlab ko’rilganda og’riydi, badan sarg’ayadi, Fassiolyoz surunkali kechganda me’daichak faoliyati buziladi, ovqat yaxshi hazm bo’lmaydi, goho ko’ngli aynib, bemor qayt qiladi, ishtahasi yaxshi bo’lishiga qaramay, u ozib ketadi, darmoni quriydi. Fassiolyoz odam va hayvonning axlati hamda qusug’ini tekshirib aniqlanadi. Hayvonlarda kasallik o’tkir va surunkali davom etib, o’t pufagi va o’t yo’llari yallig’lanadi. Hayvon umumiy zaharlanadi, moddalar almashinuvi buziladi. Fassiolyoz bilan asosan, qo’y, echki va qoramol kasallanadi. Davolash: Fassiolyozga sabab bo’lgan omil bartaraf etiladi va tegishli preparatlar beriladi. Oldini olish: suvni qaynatib ichish, kasallik manbai bo’lgan yaylovlarni aniklash va zararsizlantirish, fassiolalar tuxumini tarqatuvchi mollyuskalarni zararsizlantirish, yaylovlarni almashtirish va boshqalar.