FAYOZOVA OMINA

FAYOZOVA OMINA (1917.5.1, Buxoro 1993.12.11, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1973). Moskva davlat konservatoriyasi qoshidagi O’zbek opera studiyasida o’qigan (1934-35). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1961). Buxoro teatrida (1932-34), yosh tomoshabinlar teatrida (1935-39), 1939 yildan Muqimiyteatrida ishlagan. «Halima» (G’. Zafariy) spektaklidagi o’g’il bola roli uning sahnadagi ilk obrazidir. Keyinchalik «Halima»da Halima, «Arshin mol olon» (U. Hojibekov)da Gulchehra, «paranji sirlari» (Hamza)da Guljon, «Tohir va Zuhra» (S. Abdulla)da Yulduz, «Ravshan va Zulxumor» (K. Yashin va T. Jalilov)da Oqqiz, «Momo yer» (Ch. Aytmatov)da To’lg’anoy, «tog’go’zali» (S. Saidmurodov va A. Muhammedov)da Idimoh, «Qaynona» (M. Shamxalov)da Qaynona, «onasining qizi» (Shuxrat) da Hojar, «Maysaraning ishi» (Hamza) da Oyxon, Maysara, «Farhod va Shirin» (Xurshid)da Yosuman kabi obrazlarni yaratdi. Plastik ifodaviylik, so’zlarni donadona ishlatish, ayniqsa, o’tkir hajv va yumor vositalaridan foydalanish, o’tkir ijtimoiy xarakterlar yaratish Fayozova ijodiga xos xususiyatlardir. «Nurxon» (K. Yashin va T. Jalilov)dagi Xalcha obrazi aktrisa ijodida alohida o’rin tutadi. «Qaynona» televizion spektaklidagi Qaynona roli unga katta Shuxrat keltirdi. Fayozova filmlar («Chinor ostidagi duel» va boshqalar)da ham suratga tushgan. «Tabassum» radiojurnali va televizion miniatyuralar teatrining faol ishtirokchisi bo’lgan. «Yer qimirlaganda», «Qaynona bilan kelin», «Erka kampir» kabi kichik kulki hikoyalarning muallifi. U 1947 yildan dublyaj san’ati bilan shug’ullanib, ko’p kinofilmlarda ovoz bergan.