«FAYZ» XOLDING KOMPANIYASI

«FAYZ» XOLDING KOMPANIYASI — O’zbekiston Respublikasida mebel sanoatining yirik kompaniyasi. Toshkent shahrida joylashgan. 1997 yilda «Mahalliy sanoat» korporatsiyasining bir nechta korxonalari negizida tashkil etilgan. Bosh korxonasi — oshxona mebellari va boshqa mebellar ishlab chikaradigan mebel zavodi (1979) negizida tashkil etilgan «Fayz» qo’shma korxonasi ochiq aktsiyadorlik jamiyati. Tarkibida 30 korxona va tashkilotlar, shu jumladan, 10 ta chet el investisiyasi ishtirokidagi qo’shma korxona bor. Kompaniya ustav kapitalida chet ellik investorlar ulushi 67% ni tashkil etadi. Kompaniya korxonalarida yumshoq va ofis mebellari, oshxona mebellari, yotoqxona to’plamlari, maktablar va o’quv yurtlari, bolalar sporti, mehmonxonalar uchun turli mebellar ishlab chiqariladi. Madaniyat, sog’liqni saqlash muassasalarini, ma’muriy binolarni jiqozlash uchun maxsus mebellarni ishlab chiqarish o’zlashtirilgan, shuningdek, porolon, gugurt va boshqa mahsulotlar ham ishlab chiqariladi. Kompaniya korxonalari ilg’or xorijiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Kompaniyada O’rta Osiyoda yagona bo’lgan laminatsiyalangan DSP taxtalari ishlab chiqaradigan korxona faoliyat ko’rsatadi. Mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi (2000 yilda 300 ming, 2003 yilda 1,15 million., 2004 yilda 1,16 million AQSh dollari qiymatidagi mebel va laminatsiyalangan taxtalar eksport qilindi). 2003 yilda kompaniya korxonalarida 8,1 milliard so’mlik sanoat mahsulotlari, 5,9 milliard so’mlik iste’mol tovarlari va 5,3 milliard so’mlik mebel ishlab chiqarildi. Mukarram Azimova.