FAYZULLAYEV IBROHIM
FAYZULLAYEV IBROHIM (1933.25.8, Denov tumani Qayirma qishlog’i) — qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi tashkilotchisi, O’zbekiston qahramoni (1996), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jalik xodimi (1993), usta Paxtakor. Samarkand qishloq xo’jaligi instituti Agronomiya fakultetini tugatgan (1969). Denov tumanidagi general Sobir Rahimov nomidagi jamoa xo’jaligida kolxozchi va hisobchi (1949-53). 1955 yildan shu xo’jalikda bosh zootexnik, entomolog agronom (1960-65), bosh agronom (1965-70), Surxondaryo viloyati qishloq xo’jalik boshqarmasida bo’lim boshlig’i, bosh agronom (1970-71), Denov tumani qishloq xo’jalik mahsulotlarini tayyorlash va sifati bo’yicha davlat bosh inspektori (1971-83). 1983 yildan shu tumandagi general Sobir Rahimov nomli jamoa xo’jaligi (2001 yildan shirkat xo’jaligi) boshqaruvi raisi, Fayzullayev rahbarlik qilgan xo’jalik respublikadagi ilg’or va iqtisodiy baquvvat xo’jaliklardan biri bo’lib, paxta, g’alla, pilla yetishtirishda yuqori ko’rsatkichlarga erishib kelmoqda. Xo’jalik hududini obodonlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati (1990-95).