Feodalizm rivojlangan davrda Samarqand. IX asrning oxiri va XIII asrning boshlarida Samarqand

Nasr ibn Ahmad o’zini yetarli darajada kuchli deb sezgach, IX asrning oxiridan boshlab o’z nomidan kumush tanga zarba qila boshladi (shungacha faqat Tohiriylargina tanga zarb eta olar edi). Samarqandning xuddi o’zida 887 yilda, ehtimol bundan ham oldinroqdir, birinchi marta Somoniylarning kumush tangalari zarb qilina boshladi.

Nasrning ukasi, Buxoroga noib etib tayinlangan Ismoil tez orada Nasr hukmronligini tanishdan bosh tortdi. Ish urushgacha borib yetdi. 888 yilda Nasr tor-mor qilindi, ammo sulola boshlig’i sifatida Samarqand taxtida qoldirildi, biroq endi u Ismoilning ishlariga aralashmas edi. Samarqand amirlarining rezidentsiyasi Buxoroga ko’chirilgi. Nasr vafotidan keyin Samarqand hokimiyati Ismoil qo’liga o’tdi va Somoniylar poytaxti bo’lmay qoldi, ammo u Movarounnahrdagi eng yirik hunarmandchilik va savdo markazlaridan biri bo’lib qoldi.

Ismoil ibn Ahmad 900 yilda Saffariylarni tor-mor qilgandan keyin Movarounnahrninggina emas, balki Xurosonning ham hokimi bo’lib qoldi. Ismoil (892-907) Somoniylarning eng serg’ayrat hokimlaridan biri edi: u davlat hokimiyatini kuchaytirishga, markazlashgan va ixchamtirilgan amaldorlar apparati va kuchli armiya tuzishga qaratilgan bir qancha islohotlarni amalga oshirdi. U fan, savdo, hunarmandchilikning ravnaq topishi to’g’risida ham ma’lum darajada g’amxo’rlik qildi.

Samarqand poytaxt bo’lmay qolgandan keyin ba’zi bir sabablarga ko’ra, Somoniylarning markaziy hukumatiga nisbatan oppozitsiya tayanchiga aylandi. Chunonchi, 914 yilda, Ismoilning o’g’li Ahmad (907-914) va uning nabirasi Nasr ibn Ahmd davrida (914-943) Samarqand markaziy hokimiyatga qarshi chiqqan Ismoilning ukasi Isxoqqa katta madad berdi. Ana shundan keyin ham Samarqandda g’alayonlar bo’lib turgan bo’lsa kerak. Masalan, arab geografi va sayyohi Istaxriyning (X asrning birinchi yarmi) xabar berishicha, ana shu g’alayonlar vaqtida Samarqand shahristonidagi “Katta” yoki “Kesh” darvozasi yonib ketgan. Keyinchalik Samarqand noibi, Somoniylar avlodi Muhammad ibn Luqmon davrida u qaytadan tiklandi.

960 va 970 yillar o’rtasida Samarqandga kelib ketgan Ibn Xavqal bunday deb yozadi: Samarqand rabotining devorlarida “bu yerda ro’y bergan isyon sababli na yog’och, na temir darvozalar bor. Ana shu isyonlar tufayli hokim darvozalarni olib tashlashni buyurdi”. Juda boy Xuroson noibligini egallash uchun qudratli Somoniy amaldorlari o’rtasida vaqti-vaqti bilan bo’lib turadigan qurolli kurashdan yoki Somoniylar bilan va ularning vassal o’rtasida bo’ladigan urushdan Samarqand asosan chetda turdi. Faqat bir vaqt, 947 yilda, No’h ibn Nasr davrida (943-954) Samarqand yana bir necha oy Somoniylar poytaxti bo’ldi, chunki bunda No’h ibn Nasr o’ziga itoat etmagan vassal Abu Ali Chag’oniyonga qarshi kurashgan vaqtda Buxoroni qo’ldan berib qo’ygan edi.

No’hning o’g’li Abdumalik davrida (954-961) markaziy hokimiyatning obro’yi uning otasi va bobosi hukmronlik qilgan vaqtdagiga qaraganda ham pasayib ketdi. Mamlakatda hokimiyat saroy gvardiyasining qudratli namoyandalari qo’liga o’tdi. Ular katta harbiy lavozimlarni va boy noibliklarni egallab turdilar. Yirik feodal zodagonlarning qudratli namoyandalari – Somoniylarning vassallari ham bosh ko’tardi.

No’hning vafotidan keyin toju taxtni kim egallashi kerakligi haqidagi masalani Somoniylar xonasonining a’zolari emas, balki saroy gvardiyasining qudratli boshliqlari hal qila boshladi. Eng iste’dodli, lekin Somoniylarning itoatsiz va ishonchsiz harbiy boshliqlaridan biri bo’lgan Foyiq g’olib chiqdi. U Mansur ibn No’hin (961-976) taxtga o’tqazdi. Uning vorisi va No’h II ning o’g’li (976-997) davrida inqirozga yuz tutayotgan Somoniylar davlati Qoraxoniylar sulolasi boshchilik qilgan ko’chmanchi turklarning dastlabki zarbalariga uchray boshladi. Bu sulolaga ko’chmanchi turk qabilalaridan birining boshlig’i asos slogan edi.

992 yilda Toroz va Bolasog’un hokimi Qoraxoni avlodidan Xorun Bug’raxon Somoniylar davlati chegarasiga bostirib kirdi. Foyiq unga qarshi chiqdi. Jang Somoniylarga xiyonat qilgan Foyiqning yordami tufayli erishdi.

Bug’raxon Buxoroni bosib olganidan keyin Foyiqni Balx va Termiz noibi etib tayinladi.

Shundan keyingina yillarda Somoniylar davlatining vorisligi uchun Somoniy harbiy boshliqlari Foyiq, Abu Ali, Bektuzun va Sobuq Tegin o’rtasida qonli to’qnashuvlar bo’lib o’tdi. Lekin Somoniylar yaqinlashib qolgan halokatni biron yo’sinda o’zgartirish va bir oz bo’lsa ham to’xtatib qolishga endi ojiz edi.

996 yilda Qoraxoniylar yana bostirib kirdi. Bu safar Somoniylarni ularning eng qudratli vassal Sobuq Tegin saqlab qoldi. Sulh shartnomasiga muvofiq, Qatvon cho’li (G’allaorol bilan Bulung’ur o’rtasida) Somoniylar bilan Qoraxoniylar o’rtasidagi chegara bo’lib qoldi. Qoraxoniylarning talabiga ko’ra, Somoniylar qo’lida qolgan Samarqand o’z vaqtida Qoraxoniylarga ko’p xizmat qilgan Foyiq noibligiga topshirildi.

No’h ibn Manxusrning vorisi Mansur ibn No’h (997-999) mustaqil siyosat yuritishga harakat qildi, ammo 999 yilning fevralida Foyiq bilan Bektuzun uni ag’darib tashlab, taxtga Abdumalik ibn No’hni (999 yil fevral-oktabr) o’tqazishdi.

999 yilning oktyabrida Qoraxoniylar yana bostirib kirdi. Ilyek Nasr ibn Ali deyarli qarshiliksiz Buxoroni bosib oldi, Abdumalik va uning qarindosh-urug’larini asir qilib, O’zganddagi qamoqqa jo’natdi. Shu tariqa bir vaqtlar qudratli bo’lgan sulola quladi.

1000-1005 yillarda Ilek Nasr ibn Ali Somoniylardan oxirgi amirning ukasi Muntasir Ismoil ibn No’hga qarshi kurashdi. Muntasir O’zganddan qochib ketib, qo’shin to’pladi va Qoraxoniylarga qarshi kurash boshladi. Kurash Nasrning g’alabasi bilan tugadi. Muntasir 1005 yilda Marv rayonida o’ldirildi. Movarounnahr territoriyasida yangi Qoraxoniylar davlati vujudga keldi.

Qo’zg’olonlar, harbiy yurishlar bilan to’lib toshgan notinch davr bo’lishiga qaramay, VIII asrning ikkinchi yarmi va IX asrning boshlarida Samarqand o’sa bordi. Yangi, to’rtinchi marta juda katta qal’a devorining bunyod etilganligi bu davrda shahar hayotidagi muhim bosqich bo’ldi. Bu qal’a devoir arablar Samarqandni bosib olgunga qadar bo’lgan qal’a devoir egallab turgan maydondan qariyb ikki baravar katta edi.

IX-X asrlarda Samarqand territoriyasi shahristonni ajratib turgan to’rtinchi qal’a devori doirasidan tashqariga ham chiqa boshladi. Garchi shahriston hamon ma’muriy markaz va shahar zodagonlari yashaydigan joy sifatida o’z mavqeini saqlayotgan bo’lsa ham, shahardan janubga, g’arbga va sharqqa tomon savdo-hunarmandchilik joylari – rabotlar qad ko’tara boshladi. Biroq XI asrdan boshlab aholi shaharning g’arbiy qismini tark etib, shahriston doirasidan tashqariga chiqa boshladi. Eski katta uylar o’rnida kulolchilik ustaxonalari paydo bo’ldi, ayni vaqtda eski binolarning bir qismi yordamchi imoratlar sifatida foydalanildi. Haqli ravishda Movarounnahrning eng katta, chiroyli va badavlat shaharlaridan biri hisoblangan Samarqandda bu davrda ekonomika yuksalgan, kosiblik va savdo-sotiq ravnaq topgan edi.

960 va 970 yillar orasida Samarqandga kelib ketgan Abulqosim ibn Xavqal bunday deb yozgan edi: “Samarqand So’g’d daryosidan janubda joylashgan va undan balandda turgan shahardir. Bu yerda ark, shahriston va rabot bor. Arkda hozirgi vaqtda qamoqxona qurilgan va hokimlar saroyi bor. Ammo bu saroy haroba holiga kelgan. Men arkka ko’tarilib, inson ko’zi hech qachon ko’rmagan ajoyib manzaralardan birini: ko’m-ko’k daraxtlarni, hashamatli qasrlarni, oqayotgan kanallarni va uzluksiz barq urib yashnayotgan madaniyatni ko’zdan kechirdim. Maydonlar va shaharni bezab turgan binolar alohida ajralib turadi. Bularning barchasi hamisha mavjlanib turgan kanallarda va suvga to’la hovuzlarda aks etadi.

Samarqandda qal’a va to’rtta darvoza bor, sharqiy darvoza “Xitoy darvozasi” deb ataladi va u tepalikda joylashgan. Ana shu joydan ko’p sonli zinapoyalar orqali So’g’d daryosiga tushiladi. G’arbiy darvoza – Navbahor ham tepalikda joylashgan, shimoliy darvoza-Buxoro darvozasi va janubiy darvoza – Katta darvoza deb ataladi. Samarqand-yirik shaharlardagi singari katta bozorlari, bir qancha dahalari, hammomlari, karvon saroylari va uylari bo’lgan shahar. Bu yerda oqar suv bo’lib, u qisman qo’rg’oshindan qilingan kanaldan oqib keladi. Jome masjidi shahristondagi arkdan pastroqda joylashgan, ular o’rtasidan katta yo’l kesib o’tadi. Shahristondagi Asfizar deb atalgan joyda Somoniylar tomonidan bunyod etilgan saroy binolari joylashgan… Ba’zi bir joylardan mustasno, deyarli har bir ko’chadan va har bir bog’dan oqar suv o’tadi, ayrim xonadonlardagina bog’ yo’q, xolos. Samarqanddagi binolar paxsa va yog’ochdan ishlangan. Samarqand – Movarounnahrning mohir hunarmandlari to’plangan joy bo’lib, ularning ko’pchiligi Samarqandda ta’lim olishgan”.

Qoraxoniylar istilosidan keyin Movarounnahrning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ko’pgina o’zgarishlar yuz berdi. Bu o’zgarishlar Somoniylar davlatining zaminidayoq yetila boshlagan edi, ammo Qoraxoniylarning istilosi buni kuchaytirdi va chuqur ichki protsesslarning rivojlanishini yengillashtirdi. Agar Somoniylar davrida qat’iy markazlashgan davlatni vujudga keltirish tendentsiyasi kuchli bo’lgan bo’lsa, uning o’rniga kelgan Qoraxoniylar davlati esa ko’plab mayda viloyatlardan iborat edi. Ana shu viloyatlarning boshliqlari oliy hokimiyatni nomigagina tan olishar edi. Shu bilan birga, Qoraxoniylar davri – mamlakat ekonomikasi yanada yuksalgan va rivojlangan davr edi. Bu esa feodal ishlab chiqarish usulining yanada taraqqiyoti bilan bog’liq edi.

Arxeologiya ma’lumotlariga ko’ra, XI-XII asrlarda Movarounnahr shaharlari IX-X asrlardagiga nisbatan ancha tez o’sdi. Shunga muvofiq tarzda hunarmandchilik ishlab chiqarishi va savdo rivojlandi.

Samarqand rabotlari ham kengaya boshladi. Shahar hayotining markazi shahristondn tobora uzoqlasha boshladi. Shahristonning janubiy va janubi-g’arbiy qismini deyarli butunlay kulollar va hunarmandlar egallab olishdi, zodagonlar yangi joylarga ko’chib borishdi.

Samarqand 1011 yilga qadar Qoraxoniylar davlatining asoschisi Ilek Nasr ibn Ali davlatining sostaviga kirar edi. Nasr ibn Alining vassal sifatida 1011 va 1013 yillar o’rtasida uning ukasi Muhammad ibn Ali Samarqandga hukmronlik qildi. 1013 yilda Nasr vafot etdi. Viloyatlarni bo’lib olish uchun kurash boshlandi. Nasrning ikkinchi ukasi Ahmad Samarqandni bosib oldi. Ahmad bilan Muhammad o’rtasida urush boshlanib ketdi. Bu urush natijasida Muhammad Ahmaddan 1015 yilda Axsikatni va 1016 yilda Qora O’rda bilan birga Samarqandni tortib oldi.

1016 yilning oxirida Xorazmshoh Ma’munning vositachiligi bilan dushman tomonlar sulh tuzishdi. Sulh shartnomasiga muvofiq Muhammad Samarqand va Axsikatni Ahmadga berdi. 1017 yilda Ahmad vafot etdi, Qoraxoniylar davlatiga “Arslonxon” deb nom olgan Muhammad ibn Ali bosh bo’lib qoldi. Samarqand 1023 yilga qadar Arslonxonning shaxsiy yer-mulki sostaviga kirar edi. 1024 yilda Samarqandga Arslonxonning kichik ukasi va vassal Mansur ibn Ali hukmronlik qildi. U Ahmad ibn Aliga qarshi urush olib borgan vaqtda Arslonxonga katta yordam bergan edi. 1025 yili Arslonxon vafot etdi. Arslonxon vafotidan birmuncha vaqt ilgari Qoraxoniy beklardan bo’lgan Ali Teginning asirligidan qochib ketgan edi. U ko’chmanchi turkmanlarni o’z tomoniga qaratib, Buxoroni bosib oldi va qo’shinlari bilan Buxoroga yaqinlashib kelgan Mansur ibn Alini tor-mor qildi. Ali Teginning hukmronligi o’n yildan ko’proq davom etdi. Bu davrda Samarqand (1032 yilgacha) Ali Teginning o’g’li va vassal Yusuf ibn Aliga qarar edi. 1032 yildan to 1035 yilgacha Ali Tegin Samarqandga shaxsan hukmronlik qildi.

1035 yilda Ali Teginning o’rnini Yusuf ibn Ali egalladi. 1038 yilda Ilek Nasrning o’g’li Bo’ri Tegin Ibrohim (keyinchalik u Tamg’achxon nomini oldi) asirlikdan qochdi. Ibrohim ibn Nasr Sog’arniyada hokimiyatni mustahkamlab olgach, Movarounnahrni egallash uchun Ali Teginning o’g’illariga qarshi kurash boshladi. U 1040 yili Keshni bosib oldi, 1041 yili esa So’g’dning Buxoro qismini va 1042 yili Buxoroni egalladi. Ibrohim Samarqandda zarb etgan dastlabki tanga pullar 1046 yilga mansub. Biroq Ibrohim Samarqandni ancha ilgari bosib olgan deb fikr yuritish uchun asos bor.

Tamg’achxon Ibrohim Movarounnahrda 1070 yilgacha hukmronlik qildi. Samarqand uning poytaxti bo’ldi. Tamg’achxon Samarqandda tartib-osoyishtalik o’rnatish va uning xavfsizligini ta’minlash to’g’risida alohida g’amxo’rlik qildi, o’g’rilik va talonchilik uchun qattiq jazo berdi. Tamg’achxon qurilish ishlariga ham katta e’tibor berdi. Masalan, 1066 yilda uning buyrug’i bilan Qusam ibn Abbos maqbarasiga yaqin joyda madrasa qurilgi.

Ibrohim hayot vaqtida (1070 yil) toju taxtdan voz kechib, uni o’g’li Shamsulmulkka berishga qaror qildi. O’sha vaqtda uning ikkinchi o’g’li Ibrohim Shuays Shamsulmulkka qarshi bosh ko’tardi. Ular Samarqand va Buxoro yaqinida janglar qildilar. Shuays tor-mor etildi. Shamsulmulk davrida, aftidan, Buxoro yana poytaxt bo’lib qolgan.

Shamsulmulkning ukasi, Ibrohimning o’g’li Xizrxon 1080 yilda akasining o’rnini egalladi. U akasidan keyin atigi bir yil yashadi. 1081 yili Xizrning o’g’li Ahmad ibn Xizr otasining o’rnida qoldi. Xizr va uning o’g’li Ahmad davrida Samarqand yana poytaxt bo’ldi. Bu vaqtda xon hokimiyati bilan ruhoniylar o’rtasidagi nizo yanada keskinlahdi. Bu nizo Ahmadning bobosi Ibrohim Tamg’achxon davridayoq boshlangan edi. Oddiy samarqandliklar Ahmadga xayrixoh edilar. Ruhoniylarning vakillari yordam so’rab Saljuqiylar sultoni Malikshohga murojaat qildi. Malikshoh 1089 yilda Buxoroni bosib oldi va Samarqandnig qamal qildi, bu yerda qattiq qarshilikka duch keldi. Ahmad ibn Xizr o’z harbiy boshliqlaridan har biriga bittadan burjni himoya qilishni topshirdi. Ana shu harbiy boshliqlarda birining xoinligi natijasida Saljuqiylarning qo’shinlari shaharga bostirib kirdi. Malikshohning jiyani bo’lgan Ahmad toju taxtdan mahrum qilindi va Isfahonga surgun etildi.

Malikshoh Samarqanda o’z noibini qoldirib, Xurosonga qatib keldi. Shu ondayoq Samarqandda to’s-to’polonlar boshlandi. Turk ko’chmanchi qabilasi chigillar (bular Qoraxoniylar qo’shinining asosini tashkil etgan) qo’zg’olon ko’tardi. Malikshoh qoldirgan noib qochib ketdi. Chigil qabilasining hokimi va qashqarlar xonining ukasi Yoqub Teginni chaqirtirdi. Yoqub Tegin Samarqandga kelgach, chigillar bilan janjallashib qoldi va Ayn ad-Davlani qatl etdi. Shu vaqtda Malikshoh orqasiga qaytdi va Buxorogacha yetib bordi. Yoqub Tegin qochib ketdi. Malikshoh 1090 yili Samarqandni ishg’ol qildi va u yerda o’z noibini qoldirdi. Ammo bu noib ham Samarqandda uzoq vaqt tura olmadi: 1091 yili Malikshoh Samarqandni Ahmad ibn Xizrga qaytarib berdi.

Oddiy fuqaro qo’llab-quvvatlagan Ahmad Samarqandda reaktsion ruhoniylarga qarshi siyosatni davom ettirdi. Uning nomi Samarqandda shu qadar mashhur bo’lib qolgan ediki, ruhoniylar va harbiy tabaqa vakillaridan iborat fitnachilar shaharda unga qarshi qo’zg’olon ko’tarishga jur’at eta olmadi.

1095 yil boshlarida fitnachilar Koson shahrining boshlig’ini qo’zg’olon ko’tarishga ko’ndirdi. Ahmad qo’shin bilan Samarqanddan chiqib, Koson tomon yo’l olganida, fitnachilar unga xoinlarcha hujum qildi. Ahmad Samarqandga asir sifatida qaytib keldi va tez orada bo’g’ib o’ldirildi.

Fitnachilar taxtga Ahmadning amakivachchasi ibn Xizr Mas’udxonni o’tqazdi. Malikshoh o’g’illari o’rtasida 1097 yilda toju taxt uchun bo’lgan kurashda Sulton Barqiaruq g’olib chiqdi. Movarounnahr uning oliy hokimiyatini tan oldi. Barqiaruq Samarqandda Mas’udning o’rniga Kuch Tegin Dovudning o’g’li va Ibrohim Tamg’achxonning nabirasi Sulaymonni tayinladi. Sulaymon o’sha 1097 yildayoq vafot etdi va uning o’rniga Barqiaruq Mahmud Teginni qo’ydi. Shundan keyin Barqiaruq Samarqand taxtiga Xorun Teginni o’tqazdi.

Xorun Tegin uzoq hukmronlik qilmadi: Toroz va Bolosag’un hokimi Qodirxon Jabroil kechi bilan 1100 yilda Samarqand va Buxoroni bosib oldi. Biroq Jabroil 1102 yilning iyunida Saljuqiylar sultoni Sanjar bilan bo’lgan jangda halok bo’ldi. Sanjar Samarqandni Sulaymon ibn Dovudning o’g’li va Ibrohim Tamg’achxonning chevarasi Muhammadga berdi. Sanjar bilan qarindoshlik aloqasida bo’lgan Muhammad “Arslonxon” nomini qabul qildi va deyarli 30 yil mobaynida (1102-1130) Samarqand bilan Buxoroni idora etdi.

Arslonxon navbatma-navbat goh Samarqandda, goh Buxoroda yashadi. U tarixga “binokor shoh” sifatida kirdi. Buxoroda ko’p binolar qurdirdi. Masalan, hozirgi vaqtda ham Buxoro husniga-husn qo’shib turgan mashhur Minorai Kalonni (1127) Arslonxon qurdirgan. Yangi binolar Samarqandda ham qurilgan bo’lsa kerak, ammo bu yerda qurilish ishlari birmuncha kamroq ko’lamda olib borilgan.

Ruhoniylarga qarshi kurash Arslonxon davrida ham davom etdi. Samarqandda uyushtirilgan fitna natijasida 1130 yilda Arslonxonning o’g’li va valiahdi Nasr o’ldirildi. Mahalliy ruhoniylarning boshlig’i, Samarqand shahrining sobiq raisi bo’lgan Ashraf ibn Muhammad as-Samarqandiy fitnaning boshida turgan edi. Arslonxon yordam so’rab Sanjarga murojaat qildi. Ayni vaqtda Arslonxonning ikkinchi o’g’li Ahmad qo’shin to’plab, Samarqand yaqiniga yetib keldi va o’z ayblarini bo’yinlariga olib unga peshvoz chiqqan fitna rahbarlarini o’ldirildi. Xuddi shu vaqtda garchi zarurat qolmagan bo’lsa-da, Sulton Sanjar qo’shin bilan Movarounnahrga kirib keldi. Sanjarning Movarounnahrda bo’lishi o’z mustaqilligi uchun xavfsirayotgan Arslonxonga ma’qul tushmagan bo’lsa kerak. Sanjar Arslonxon tomonidan o’ziga qarshi fitna tayyorlanayotganligi tez orada bilib oldi.

Sanjar Samarqandni qamal qilib, uni egallaydi. 1130 yil mart oyining boshlarida bemor Arslonxon zambilda Sanjarning oldiga keltirildi va Sanjarning xotinlaridan biri bo’lgan qizi oldiga jo’natildi.

Arslonxonning ukasi, Sanjar saroyida tarbiyalangan Tamg’ach Bug’raxon Ibrohim Samarqand xoni bo’lib qoldi. 1132 yilda Movarounnahrda Arslonxonning o’g’li Ahmad qo’zg’olon ko’tardi. Sanjar Iroqdan kelib, uning qo’zg’olonini bostirdi. Qo’zg’olon ko’targan o’z jiyani oldida ojiz bo’lib qolgan Tamg’ach Bug’raxon Ibrohim Sanjarda norozilik tug’dirdi va u 1132 yildayoq taxtdan tushirildi.

Qoraxoniylar avlodidan biri – Qilich Tamg’achxon (Hasan Tegin) Samarqand xoni bo’lib qoldi. U 1136 yili vafot etdi. Sanjar o’z jiyani, Arslonxonning o’li Ruqiuddin Mahmudni uning o’rniga tayinladi.

Qoraxoniylar davlatining sharqiy chegaralarida bu vaqtda qoraxitoy ko’chmanchi qabilalari kuch to’playotgan edi. Qoraxitoylar 1137 yil may-iyun oylarida bostirib kirib, Xo’jand yaqinida Ruqnuddin Mahmud qo’shinini tor-mor qildi. Mahmud Samarqandga chekindi, lekin qoraxitoylar o’z g’alabasidan foydalana olmadi va Movarounnahrdan chiqib ketdi.

Qoraxitoylar bilan 1141 yilning 9 sentabrida, Samarqanddan sharqda joylashgan Qatvon dashtida yana jang bo’ldi. Sanjar va Mahmudning birlashgan qo’shini tor-mor qilindi, qoraxitoylar Samarqandni va bir oz vaqt o’tgach, Buxoroni bosib oldi. Biroq ko’chmanchilar bosib olgan territoriyalarni mustahkamlab bormadi: ularni, asosan, bo’ysundirilgan yerlardan olinadigan soliq qiziqtirar edi. Qoraxitoylar qo’lga kiritilgan viloyatlardan soliq olib, Yettisuvga va Sharqiy Turkistonga qaytib keldi.

Qatvon jangidan keyin Samarqandda Muhammad Arslonxonning ikkinchi o’g’li – Tamg’achxon Ibrohim hukmronlik qildi. 1156 yilda u bilan Qoraxoniylar qo’shinning asosiy qismini tashkil qilgan ko’chmanchi qarluqlar o’rtasida janjal chiqadi. Ibrohim o’ldirilib, jasadi dashtga chiqib tashlanadi. 1132 yilda Sanjar tomonidan Samarqand hokimi etib tayinlangan Hasan Teginning o’g’li Jag’raxon Jaloliddin Ali Samarqandni idora qila boshladi.

Jag’raxon Ibrohimni o’ldirganliklari uchun qarluqlardan ayovsiz o’ch oldi. U tor-mor qilgan qarluq otryadlarining qoldiqlari yordam so’rab Xorazm shohi Il Arslonga murojaat qilishdi. Jag’raxon esa qoraxitoylardan madad so’radi. Qo’shinlar Zarafshonning har ikki sohiliga – Samarqand yaqinida to’planib turardi. Kuchlar teng edi va ular samarqandlik imom va ulamolarning vositachiligi bilan sulh shartnomasi tuzdi.

Ruqinddunyo Qilich Tamg’achxon Ma’sud 1163 yili Jag’raxon Alining merosxo’ri bo’ldi. Bu hokim Xurosonni talab, xarob qilgan qarluqlar va ko’chmanchi guzlarga qarshi urush olib bordi.

Ma’sudning qarindoshi, Hasan Teginning nabirasi Nasr ibn Husayn 1169 yil orasida Samarqandda Ma’sudning merosxo’ri bo’lgan bo’lsa kerak. Shunday qilib, XII asrning o’rtalaridan boshlab Samarqand Qoraxoniylarning o’zgandlik avlodlari qo’lida bo’ldi.

Nasr ibn Husaynning qisqa muddatli hukmronligi 1172 yilda tugadi. Qilich Tamg’achxon Ma’sudning o’g’li Muhammad Samarqandga xon bo’lib, u bu yerda aftida 1177 yilgacha hukmronlik qilgan Qoraxoniylarning mashhur davlat arboblaridan biri Tamg’achxon Ibrohim ibn al-Husayn 1178 yili Samarqand taxtini egalladi. U Samarqandni salkam 30 yil idora qildi.

XII asrning 70-90-yillarida Xurosonni talashgan Xorazm shohlari bilan guridlar o’rtasida: Xorazm shohlari bilan qoraxitoylar, qoraxitoylar bilan guridlar o’rtasida qonli urushlar bo’ldi. Biroq ana shu urushlarning hammasi, asosan, Samarqandni chetlab o’tdi, chunki urushlarning hammasi, asosan, Samarqandni chetlab o’tdi, chunki Tamg’achxon Ibrohim uzoq vaqt idora qilgan davr nisbatan tinch va osoyishta bo’ldi. Bularning hammasi Samarqandda ekonomikani, hunarmandchilik va san’atni yanada rivojlantirishga imkon yaratdi.

Samarqandda qurilish ishlari ham jonlana boshladi. Yozuvchi Muhammad Avfiyning (XII asrning oxiri va XIII asrning boshlari) yozishicha, Tamg’archxon Ibrohim Gurjmin mahallasida muhtasham saroy qurdirgan. Bu saroy zamondoshlarini shu qadar hayratda qoldirganki, Fors mash’ali – makedoniyalik Iskandar shon-shuhratini, Toqi Qasr saroyi-Xisrov Anushiravon shon-shuhratini ko’rsatib turganidek, bu saroy ham xon shuhratini avlodlariga eslatib turgan. Ibrohimning o’g’li Usmon kechi bilan 1204 yilda otasi taxtiga merosxo’r bo’ldi. U Samarqandda Qoraxoniylar sulolasining so’nggi hokimi edi. Usmon hukmronlik qilgan davrda Samarqand og’ir kunlarni boshidan kechirdi. Usmon yosh chog’idanoq taxtga chiqdi: 1201 yilda u endi 14 yoki 15 yoshga kirgan edi. Ana shu davrda O’rta Osiyoda bir-biriga dushman bo’lgan ikkita qudratli kuch: Muhammad Xorazmshoh bilan qoraxitoylar bor edi. Usmon bir necha bor goh u, goh bu tomonga o’tib turdi. U 1210 yilda qoraxitoy Gurxonning qiziga sovchi qo’ydi, ammo rad javobini oldi. Usmon Muhammad Xorazmshoh tomoniga o’tdi va hatto Samarqandga uning nomini xutbaga qo’shib o’qittirdi hamda uning nomi bilan tanga zarb eta boshladi. Bunday itoatsizlik harakatidan darg’azab bo’lgan qoraxitoylar unga qarshi yurish boshladi. 30000 kishilik otryad yuborildi, u tez orada Samarqandni bosib oldi. Biroq qoraxitoylar o’z podshosining buyrug’iga binoan shaharni talashdan tiyilib turdi, chunki podsho “Samarqandni o’z xazinasi” deb hisoblar edi. Gurxon ozgina soliq olish bilan chegaralandi. Ana shu vaqtda qoraxitoylarning ichida nayman Kuchluk boshchiligida qo’zg’olon ko’tarildi. Gurxon o’ttiz ming kishilik otryadni Samarqanddan chaqirtirib oldi.

Muhammad Xorazmshoh Buxoroni olgach, Samarqandga keldi. U shahar devorlarini mustahkamlashni buyurdi va Usmon saroyiga o’z vakilini tayinladi. 1210 yil avgustining oxiri va sentyabrining boshlarida Xorazmshoh va unga qo’shilgan Usmon qoraxitoylarni tor-mor qilib, Samarqandga qaytib kelishdi va u yerdan Xorazmga qarab yo’l olishdi.

Usmon Xorazmda Xorazmshohning qiziga uylandi. Ana shu vaqtda qoraxitoylar yana Samarqandni qamal qildi. Xorazmshoh shaharni qutqazishga otlandi. Xorazmshoh yetib kelganicha Samarqand aholisi qoraxitoylarning ketma-ket hujumiga bardosh bergan edi. Xorazmshohning yaqinlashib kelayotganini eshitgan ko’chmanchilar chekinishga majbur bo’ldi.

Usmon qipchoqlardan iborat xorazmlik katta otyadning kuzatuvida 1211 yilda Samarqandga qaytib keldi. Xorazmliklarning beboshligi va takabburligi ularga nisbatan xalqning nafratini uyg’otdi.

1212 yili Samarqandda katta qo’zg’olon bo’lib o’tdi. Bu qo’zg’olonda Usmonning o’zi ham faol qatnashdi. Xorazmliklarning boshlari qirqilib, ularning jasadlari hammaga ko’rsatish uchun bozor madonlariga qo’yildi. Qipchoq otryadining qoldiqlari va Xon Sulton, Usmonning xotini va Muhammad Xorazmshohning qizi Samarqand arkiga yashirindi. Xon Sulton gunohi zo’r-bazo’r kechirildi, biroq bu hol Usmonning va samarqandlik aholining ahvolini yengillashtirmadi. Muhammad Xorazmshoh Samarqandni qamal qildi va bir zarb bilan uni ishg’ol etdi. Usmon kechirim so’rab keldi, ammo u qatl etildi.

Xorazmlik qo’shinlar Samarqandni talon-taroj qila boshladi. Samarqand osmonini alanga va tutun qopladi. Uch kun ichida samarqandliklardan 10000 dan ko’proq kishi qirib tashlandi. Samarqandlik sayyidlar, ulamolar va imomlarning yalinib-yolborishlarini e’tiborga olgan Xorazmshoh faqat uchinchi kuni qirg’inni to’xtatishni buyurdi.

Shundan keying yillarda Samarqand Xorazmshohning aslida poytaxti bo’lib qoldi. Xorazmshoh shaharda turli qurilishni boshlab yubordi. Masalan, Muhammad Xorazmshoh Samarqandda yangi Jome masjidni qurdirdi va saroy qurilishini boshlab yubordi. Muhammad Xorazmshoh Samarqandni o’z imperiyasining muhim shahri deb hisoblaganligidan shu narsa ham dalolat beradiki, Chingizxon istilosi vaqtida Muhammad Samarqand devorlarini mustahkamlashni buyurgan va u yerda eng katta harbiy garnizonini saqlab turgan.

Afsuski, biz Samaqandning XI asr va XIII asrning boshlaridagi hayoti va qiyofasi haqida shaharning shundan oldingi davrdagi (IX-X asrlar) singari boy ma’lumotga ega emasmiz. Samarqand haqida IX-X asrlardagi kabi batafsil va chiroyli tasvirlarning yetib kelmaganiga qisman sabab shuki, Samarqandning XI-XII asrlardagi shahar hayotining markazi ko’proq rabotlar tomonga siljishi bilan xarakterlanadi. Hozirgi vaqtda bu joylarda asphalt yotqizilganligi va zamonaviy uylar qurilganligi bu yerlarda keng arxeologik tadqiqot ishlarini olib borishga imkon bermaydi. Biroq shunday bo’lsa ham Afrosiyobda olib borilayotgan arxeologik ishlar natijasida shaharning ana shu davrdagi hayoti to’g’risida ba’zi bir ma’lumotlar olindi.

X asrda shahriston (Afrosiyob) territoriyasida paydo bo’lgan kulollar mahallasi rivojlana borib, g’arb va janubi-g’arb tomonga kengaydi. Ayni vaqtda kulolchilik ustaxonalari ixtisoslasha boshladi: ulardan ba’zi birlari yog’chiroqlar, boshqalari esa idish-tovoqlar tayyorlardi va hokazo.

Shahristonning janubiy qismida-hozirgi vaqtda Shohizinda maqbarasi ishg’ol qilib turgan territoriyada qabriston paydo bo’ldi. Bu joyda Samarqanddagi Qoraxoniy hokimlar va mahalliy zodagonlar namoyandalari dafn etilgan bo’lsa kerak.

Shahristonning shimoliy qismida, avvalgidek, katta Jome masjid va ark bo’lgan. Arkda hokim saroyi va ma’muriy binolar joylashgan edi.

XII asrning birinchi yarmida arkda qandaydir remont ishlari o’tkazilgan bo’lsa kerak. Bu davrda sopoldan ishlangan quvurlar yotqizilib, qal’a devori tagidagi yer osti tunnel orqali ana shu quvurlardan arkka suv oqizilgan.

XII asr 70-yillarining oxiri va 80-yillarining boshlarida ark rayonida, ehtimol arkning o’zida Tamg’achxon Ibrohim ibn Husaynning hashamatli va chiroyli saroyi qurilgan. Bu saroy 1212 yilda, Muhammad Xorazmshoh qo’zg’olon ko’targan samarqandliklarni ayovsiz jazolagan vaqtda yakson qilingan.

1219 yilga kelib, Chingizxon galalari yaqinlashib, Movarounnahr yerini larzaga sola boshlaganida Samarqand aholisi zo’r berib mudofaaga tayyorlanar edi. Chunonchi, arkning devorlarini remon qilgan vaqtda Ibrohim Tamg’achxon saroyi qoldiqlaridan foydalanilgan. Uchinchi qal’a devorining bir qismi yangidan qurildi, birinchi, ikkinchi va to’rtinchi qal’a devorlarida remont ishlari olib borildi. Biroq bularning hammasi Samarqandni mudofaa etish topshirilgan harbiy boshliqlarining iste’dodsizligi va qo’rqoqligi sababli behuda ketdi. Chingizxon galalari 1220 yilning martida Samarqandga bostirib kirib, shaharga o’t qo’ydi va aholini qilichdan o’tkazdi.

Добавить комментарий