FIL TOSHBAQA
FIL TOSHBAQA (Geochelone elephantopus) — quruqlikda yashovchi toshbaqalarning bir turi. 10 kenja turi ma’lum (shundan bir nechtasi qirilib ketgan). Kosasining uzunligi 150 santimetrcha, bo’yi 60 santimetrcha. Voyaga yetganlarining og’irligi 100 (ba’zilari 400) kilogrammcha. Erkagi urg’ochisiga nisbatan yirik. Fil toshbaqa Galapagoss orollarida tarqalgan. O’simliklar bilan oziqlanadi. 12-14 oygacha suvsiz va oziqsiz yashay oladi. Urg’ochisi noyabr — aprelda yerni o’yib (40 santimetr chuqurlikda), 2-22 ta sharsimon oq tuxumini (tovuq tuxumidan katta) ko’mib qo’yadi. Tuxumdan bolasi (70 gramm) 6-7 oyda chiqadi. Mazali go’shti, yog’i va hayvonot bog’lari uchun ko’plab ovlanganidan soni kamayib ketgan.