FILOLOGIYA

FILOLOGIYA (Yunoncha philologia — so’zni sevish, so’zga mexr) — gumanitar fanlar — tilshunoslik, adabiyotshunoslik, matnshunoslik, manbashunoslik, paleografiya va boshqalarning hamkorligidan tarkib topgan umumiy fan; yozma yodgorliklarni lisoniy va stilistik jihatdan tahlil etish orqali inson ma’naviy madaniyatining tarixi va mohiyatini o’rganadi. O’z ichki masalalari va tashqi aloqalari yig’indisidan iborat bo’lgan matn Filologiyaning mavjudligini belgilovchi ilk asos hisoblanadi. Asosiy diqqate’tiborni matnga qaratish, unga yordamchi sharxlar yaratish (Filologiya asarlarning eng qadimgi shakli) orqali Filologiya ayni shu nuqtai nazar asosida inson turmushini, eng avvalo, ma’naviy turmushini butun kengligi va teranligi bilan qamrab oladi. Filologiya yozuv madaniyati nisbatan yuksalgan davrda paydo bo’lgan. Yaqin Sharqdagi qadimgi yuksak taraqqiy etgan madaniyatlar Filologiyadan deyarli bexabar bo’lgan, o’rta asrlarda G’arbiy Yevropada ham unga yetarlicha e’tibor berilmagan; ayni paytda Filologiya falsafaning vatani, qadimgi Hindiston va Yunonistonda so’z va nutq ustida fikrlash, uni taxlil qilish tarzida, falsafa bilan uyg’unlikda paydo bo’lgan. Falsafadagi mavhumlikka intilish bilan Filologiyaning aniqligi, konkretligi o’rtasida keyinchalik ro’y bergan ixtiloflarga qaramay, falsafa va Filologiyaning dastlabki yaxlitligi, bir butunligi tasodifiy bo’lmagan: Filologiyaning yuksalish, o’ta rivojlanish davrlari ko’pincha gnoseologik tafakkurning buyuk davrlaridan (masalan, ellinistik dunyoda — Aristoteldan, 17-asrda Yevropada — R. Dekartdan, 19-asrda Germaniyada — I. Kantdan) so’ng ro’y bergan. Hind Filologiyasi Panini (miloddan avvalgi 5-4- asrlar), Patanjali (miloddan avvalgi 2-asr) kabi grammatistlarni, keyinchalik uslub nazariyotchilarini tarbiyalab yetishtiradi; Qadimgi Xitoy madaniyati o’z filologik an’analariga ega bo’lgan (Lyu Se asarlari, milodiy 5-6-asrlar). Lekin Qadimgi Hindiston va Xitoyning filologik ta’limoti, bu sohadagi yutuqlari yangi va eng yangi davrlargacha yevropaliklarga ma’lum emas edi. Yevropa Filologiyasi an’analari butunlay yunon manbalariga, antik dunyo Filologiyasiga tayanib ish ko’rgan. Sofistlar davrida (miloddan avvalgi 5-asrning 2-yarmi — 4-asrning 1-yarmi) adabiyot sohasi nazariy poetika va Filologiyaning ob’yekti bo’lish uchun noadabiy muhitdan yetarli darajada ajralib chiqadi. Sofistlardan Protagor, Gorgiy, Prodik va boshqa filologik metodlarni ishlab chiqishda katta xizmat qilganlar; yunon adabiyot nazariyasi Aristotelning «Poetika» asari bilan yuqori bosqichga ko’tariladi. Ellinistik davrda (miloddan avvalgi 3-1-asrlar) Filologiya falsafa fanidan ajralib chiqadi va mutaxassislar — Iskandariya va Pergam kutubxonachilari qo’liga o’tadi: ular antik mualliflarning tuzatilgan matnlarini aniklash va sharxlash bilan shug’ullanganlar. Frakiyalik Dionisiy (taxminan miloddan avvalgi 150-90-yillar) so’z turkumlarining hozirgacha ham qo’llanib kelayotgan nazariyasini uzilkesil ishlab chiqdi. Ilk xristianlik davri olimlaridan Origen, Ieronim (Injilni birinchi marta lotinchaga tarjima qilgan shaxs) Injilning asl nusxasi va yunoncha tarjimasi ustida ulkan tekstologik ishlarni amalga oshirdilar. Yunon Filologiyasi an’analari o’zining antik holatini (mumtoz matnlarni o’rganish va sharxlash) batamom saqlagan holda o’rta asrlarda Vizantiyada davom ettiriladi; Rim imperiyasi qulagandan so’ng (1453) Uyg’onish davri Italiyasi qochib kelgan olimlar tufayli Vizantiya Filologiyasini meros qilib oladi. Qadimgi Rimda Filologiya tilning fammatik jihatini, imlosini o’rganadigan fammatikadan farqlanib turgan. Filologiyaning keyingi taraqqiyot bosqichi Uyg’onish davridagi Dante, Bokkachcho, Petrarka, Lorenso Vall risolalari bilan bog’liq. Ushbu risolalarda Aristotel asarlarining haqiqiy mazmuni aniqlangan, qadimgi yunon va rimlik yozuvchilarning yozma matnlari tanqidiy nuqtai nazardan o’rganilgan va sharxlangan. O’rta asrlarda Filologiya Yevropada tushkunlikka uchragan davrda, 8-14-asrlar davomida Arab Filologiyasi keng ko’lamda rivojlana boshlaydi. Arab Filologiyasida tilshunoslik, qisman adabiyotshunoslik sohalari rivojlangan. Bu davrda Kufa va Basra grammatik maktab (oqim)lari yuzaga kelgan. Basra grammatik oqimi vakillari: Xalil ibn Ahmad (8-asr) va uning shogirdi Sibavayhiy o’z asarlarida klassik Arab tili me’yorlarini ishlab chiqib, Arab tilining birinchi izohli lugatini tuzganlar, Sibavayhiy Arab tilida so’z turkumlarini 3 asosiy guruhga (ism, fe’l, harf) ajratgan va so’z turkumlarining sintaktik munosabatlarini belgilagan. Kufa grammatik oqimi vakillari esa o’z asarlarini Arab tili sintaksisiga, Arab tilining dialektal grammatik xususiyatlariga bag’ishlaganlar. 9— 10-asrlarda har ikki grammatik oqim mustaqil tilshunoslik maktabi darajasiga ko’tarilgan. Basra va Kufa fammatik oqimlari asosida Bag’dod fammatik maktabi yuzaga keladi, Bag’dod grammatik nazariyasi yaratiladi. Bag’dod grammatik oqimining vakili Ibn Jinniy (10-asr) o’z asarlarida etimologiya masalalariga e’tibor bergan. Arab xalifaligi hukmronligi Suriya, Misr, Eron, Ispaniya, O’rta Osiyoga qadar tarqalishi munosabati bilan bu hududlarda ham Kufa, Basra, Bagdod fammatik oqimlari ta’sirida filologtilshunoslar yetishib chiqadi. Arab Filologiyasi an’anasining tashkil topishi va taraqqiy etishida arablar bilan bir qatorda boshqa xalqlarning Arab tilida ijod etgan vakillari ham ishtirok etgan. Ingliz sharqshunosi E. Braunning ko’rsatishicha, Arab fani va madaniyatining eng mo’tabar vakillari deb sanalgan 45 kishidan 30 tasi Arab bo’lmagan xalqlarning vakillari bo’lgan. Turkiy Filologiya fanining vujudga kelishi ham ayni mana shu olimlarning ilmiy faoliyati bilan bog’lanadi. Turkiy xalqlarda Filologiya qadimda maxsus fan sifatida qaralmagan bo’lsada, unga oid juda ko’plab asarlar — lug’atlar, fammatikalar, adabiyotshunoslikka doyr risolalar, tazkiralar, turkiy xalqlar tarixi va etnografiyasiga doyr kitoblar yozilgan. Mahmud Koshg’ariy (11-asr) turkiy xalqlar madaniyati va fani tarixida alohida o’rin tutadi. U turkiy Filologiya fanini yaratgan olimlardan biri va birinchisidir. Uning «Devonu lug’otit turk» asarida bu fanning deyarli barcha sohalari yoritilgan: turkiy tillar leksikasi, fonetikasi va morfologiyasi, turkiy tillar tasnifi, turkiy xalklarning ogzaki ijodi va boshqalar. Asarda, shuningdek, turkiy xalklar etnofafiyasi, toponimikasi, geografik joylashuviga oid qimmatli ma’lumotlar ham bor. M. Koshg’ariy tillarni qiyosiy o’rganishga ham asos solgan. O’z davri olimlari tomonidan «Jorulloh» («Allohning qo’shnisi») laqabini olgan Mahmud Zamaxshariy (11 —12-a.srlar) Sharq fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shdi. U falsafa, tarix, adabiyotshunoslik, folklorshunoslik, tilshunoslik kabi fanlarga oid 50 dan ortiq asar yaratdi. Uning «Mukaddimat uladab» asari fakat Arab tili va tilshunosligi tarixini o’rganish jihatidangina emas, balki turkiy xalqlar tillari tarixini o’rganish jihatidan ham muhim ahamiyatga ega. Asarning lug’at qismida Arabcha so’zlarning forscha, mo’g’ulcha tarjimalari bilan bir qatorda turkiycha tarjimalari ham berilgan. Bulardan tashqari, 13-19-asrlarda nomi mashhur yoki noma’lum mualliflar tomonidan yaratilgan 10 dan ortiq bir tilli yoki ikki tilli izohli lug’atlar turkiy tillarda Filologiya fanining rivojiga muayyan hissa bo’lib qo’shildi. Shuningdek, Alisher Navoiyning «Muhokamat ullug’atayn», «mezon ulavzon», «Majolis unnafois», «tarixi muluki Ajam» asarlari, Boburning «muxtasar» («Risolai aruz») va «Boburnoma»si, Abulg’oziy Bahodirxonning «Shajarai turk» va «Shajarai tarokima» kitoblari, Munis, Ogahiy, Bayoniy kabi mualliflarning tarixga oid asarlari, Shayx Ahmad Taroziyning adabiyotshunoslikka oid «Funun ulbalog’a» kitobi va boshqa ilmiy asarlar ham keng ma’noda Filologiya fanini boyitgan. 18-asrda Germaniyada filolog I.I. Vinkelmanning «neogumanizm» (yangi gumanizm) nazariyasi paydo bo’lishi sababli Filologiyaning yangi davri boshlanadi. Antik dunyoning yaxlit, bir butun obrazi haqidagi masala Uyg’onish davridagidek, hatto yanada ko’proq ilmiy talabchanlik bilan o’rtaga tashlanadi. Nemis filologi F. A. Volf  «Filologiya» terminini qadimiyat, antik dunyo haqidagi fanning nomi sifatida amalga kiritadi. Bu davrda Filologiya juda keng ma’noda tushunilib, nafaqat muayyan xalq tili va adabiyotini, balki tarixi, falsafasi, san’ati va hatto moddiy madaniyatini o’rganishni ham o’z ichiga olgan. Filologiyaning qad. madaniyat yodgorliklarini o’rganuvchi, yunon va rimlik mualliflar asarlarini sharhlovchi bo’limi keyinchalik «klassik Filologiya»deb atalgan. 19-asrda Filologiyaning boshqa fanlardan ajralish jarayoni kuchaygan edi. Nemis filologlari G. Uzener, E. Rode, U. fon Vilamovismyollendorf va boshqaning faoliyati natijasida qad. dunyo tarixi mustaqil fan tarmog’i sifatida Filologiyadan ajralib chiqadi; ayni shu davrda romantizm va boshqa g’oyaviy oqimlarning ta’siri ostida «klassik Filologiya» bilan bir qatorda «yangi Filologiya»ham vujudga keldi: germanshunoslik (aka-uka Ya. va V. Grimmlar), Slavyanshunoslik (A. Vostokov, V. Ganka), sharqshunoslik kabi. Shu bilan birga aka-uka Grimmlar, F.Dits, I. Dobrovskiy, A. Vostokov va boshqa filologlar tillarni o’rganishning qiyosiytarixiy metodini ishlab chiqdilar. 18-19-asrlarda Filologiyaning bir tarmog’i sifatida turkiyshunoslik fani paydo bo’ldi. Filologiyaning yuqoridagidek maxsus bo’limlari yuzaga kelgan va qiyosiy-tarixiy metod qo’llana boshlagan davrda Filologiya tushunchasi torayib, tilshunoslikka tenglashib qolgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Filologiya tushunchasi xiyla oydinlashadi va u tillar va adabiyotlarni urganishni qamrab oladi; matnshunoslik, manbashunoslik, paleografiya kabi fanlar Filologiyaning yordamchi sohalari sifatida paydo bo’ladi, ayniqsa, matnshunoslikning shakllanishi va rivojlanishi qadimgi qo’lyozmalarni, mumtoz shoirlarning (masalan, Yusuf xos Hojib, Atoiy, Navoiy, Bobur; Pushkin, Lermontov va boshqalar) asarlarini nashr etishda muhim rol o’ynadi. Filologiyani tashkil etuvchi tilshunoslik va adabiyotshunoslik fanlari, o’z navbatida, maxsus sohalarga tarmoqlanadi: umumiy tilshunoslik, til tarixi, hozirgi tillarni o’rganish; adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi, adabiy tanqid va boshqalar. Filologiya doirasiga folklorshunoslik ham taalluqlidir, chunki folklor ham so’z san’ati hisoblanadi. Hozirgi Filologiya til va adabiyotni o’rganishning yangiyangi muammolarini o’rtaga tashlab, yangi-yangi metodlarni ishlab chiqmoqda; ijtimoiy hayotning barcha davrlariga xos yozma manbalar bilan uzviy bog’langan holda rivojlanmoqda; filologik tadqiqotlar mavjud manbalarga chuqur ilmiy va tanqidiy nuqtai nazardan yondashgan holda olib borilmokda. Bir paytlar yagona, yaxlit fan hisoblangan Filologiya bag’ridan ajralib chiqib, mustaqil fanlarga aylangan tarix, falsafa, san’atshunoslik, madaniyat tarixi kabi soxlarning vazifalari bilan o’z vazifalarini chegaralab olish, shu bilan birga, ular bilan ijodiy hamkorlik qilish hozirgi Filologiyaning eng muhim o’ziga xos xususiyatidir. O’zbek Filologiyasining asoslari M. Koshg’ariy, M. Zamaxshariy davriga va asarlariga borib taqalsa ham, asrlar mobaynida o’ziga xos tarzda rivojlanib kelgan bo’lsa ham, hozirgi ma’nodagi o’zbek Filologiyasi 20-asr boshlaridan shakllana boshladi: o’zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligi, manbashunosligi va matnshunosligi Filologiya fanining tarmoklari sifatida taraqqiy etdi. Hozirgi o’zbek Filologiyasi jahon Filologiya fanining tarkibiy qismi sifatida har tomonlama rivojlanmoqda. O’zbek Filologiyasi taraqqiyotiga M. Behbudiy, Fitrat, Cho’lpon, Avloniy, Elbek, G’ozi Olim Yunusov, A. Zohiriy, Otajon Hoshim, Hodi Zaripov, S. Ibrohimov, P. Shamsiev, Sh. Xurshid, Olim Sharafiddinov, S. Mutallibov, Izzat Sulton, O. Usmonov, S. Usmonov, U. Tursunov, F. Kamol, V. Abdullaev, V. Zohidov, G’. Karimov, F. AB — dullaev, A. G’ulomov, H. Sulaymonovlar, rus olimlaridan E. Polivanov, K. Yudaxin, A. Borovkov, V. Reshetov, A. Kononov, A. Shcherbak va boshqalarning munosib xissalari bor. Shuningdek, Sh. Shoabdurahmonov, G’. Abdurahmonov, A. Hayitmetov, A. Qayumov, A. Rustamov, Q. Mahmudov, M. Asqarova, HI. Rahmatullaev, A. Hojiev, A. Abdug’afurov, B. Valixo’jaev, N. Karimov, T. Mirzaev, B. Nazarov, E. Fozilov, E. Begmatov, H. Ne’matov, A. Nurmonov, N. Maxmudov va boshqalar hozirgi kundagi o’zbek Filologiyasini rivojlantirishda o’z ilmiy izlanishlari bilan ishtirok etib kelmoqdalar. Ad. Qo’chqortoev I., Isabekov B., Turkiy filologiyaga kirish, T., 1984; Nurmonov A., O’zbek tilshunosligi tarixi, T., 2002. Abduvohob Madvaliev, Ne’mat Mahkamov.