FINLAR
FINLAR (o’zlarini suomalayset deb atashadi) — xalq, Finlyandiyaning asosiy aholisi (4,65 million kishi), umumiy soni 5,43 million kishi (1990-yillar o’rtalari), jumladan, Rossiya Federatsiyasida 47,1 ming kishi (1989). Fin tilida so’zlashadi. Dindorlari — protestantlar (lyuteranlar). Boltiqbo’yi fin xalklarining ajdodlari Finlyandiyaning Janubga miloddan avvalgi 3-ming yillikda kelib joylashgan. Ular asta-sekin shimolga siljib, hozirgi saamlar (loparlar) ajdodlarini siqib chiqarishgan. Janubiy g’arbiy (sumi yohud suomi), Markaziy (Emi — yohud xyame), Sharqiy (korela yohud karyala qabilalari g’arbiy guruhi) qabila guruhlarining birlashuvi negizida fin elati shakllangan. Finlarning ko’pchiligi sanoatda band.