FINLYANDIYA

FINLYANDIYA (Fincha Suomi, shvedcha Finland), Finlyandiya Respublikasi (Fincha Suomen Tasavalta, shvedcha Republiken Finland) — Shimoliy Yevropada joylashgan davlat. Maydoni 337 ming kilometr kvadrat. Aholisi 5,186 million kishi (2002). Poytaxti — Xelsinki shahri. Ma’muriy jihatdan 5 lyani (guberniya) ga bo’linadi. 1991 yildan o’zini o’zi boshqarish maqomini olgan Aland orollari bu hisobga kirmaydi. Davlat tuzumi. Finlyandiya — suveren respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 2000 yil 1 martda kuchga kirgan. Davlat boshlig’i — prezident (2000 yildan Tarya Xalonen xonim), u to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan mamlakat fuqarolari tomonidan 6 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament, ijrochi hokimiyatni prezident bilan hukumat birgalikda amalga oshiradi. Tabiati. Botniya, Fin qo’ltiqlari va Boltik, dengizi sohillari ko’pgina buxta va shxerlar (suv ostidagi va suvdan chiqib turadigan qoyalar) bilan parchalangan. Hududining aksar qismi dengiz sathidan 100-200 metr pastda yotuvchi tekislik. Markaziy qismidagi ko’llar atrofi hamda shim. va sharqida tepalik va qirlar bor. Shimoli g’arbida Skandinaviya tog’larining tarmoqlari joylashgan (eng baland joyi 1365 metr — Xaltiatunturi cho’qqisi). Foydali qazilmalardan xromit, temir, mis kolchedani, misnikel, polimetall rudalar, apatit, grafit, magnezit, asbest, talk, marmar, muskovit konlari bor, torf qazib olinadi. Iqlimi mo’tadil, shimolda kontinental iqlim. Boltiq dengizi va Golfstrim oqimining yaqinligi iqlimga yumshatuvchi ta’sir qiladi. O’rtacha temperatura Fevralda -3° dan — 14° gacha, iyulda 14° dan 17° gacha. Yillik yog’in 600— 700 millimetr. Daryo ko’p, qisqa, sersuv, serostona. Yiriklari — Kemiyoki, Kyumiyoki, Kokemyaenyoki, Tornioyoki. 60 mingga yaqin ko’l bor (mamlakat hududining 8%), yirik ko’li — Sayma. Botqoq ko’p. Hududning 61% o’rmon, asosan, igna bargli daraxtlar, Janubdagi podzol, gleypodzol, torfli botqoq tuproklarda aralash o’rmonlar, shimolda tog’ tundrasi. Yirik milliy bog’lari — Lemmenyoki, Pallas Ounastunturi, Oulanka va boshqalar. Finlyandiyada 18 qo’riqxona bor. Aholisining 93%dan ko’prog’i finlar. Janubiy va g’arbiy rayonlarda shvedlar, shimolda saamlar yashaydi. Rasmiy tillar — fin va shved tillari. Dindorlarning aksariyati lyuterchilar, pravoslavlar ham bor. Shahar aholisi 65,1%. Yirik shaharlari: Xelsinki, Tampere, Turku, Espo. Tarixi. Miloddan avvalgi 3—2-ming yilliklarda Finlyandiya hududida hozirgi saam (lopar) larning ajdodlari yashagan. 1-ming yillik boshlarida bu yerga Boltik, bo’yidagi fin qabilalari ko’chib kelib, mahalliy aholi bilan qo’shilib ketgan va natijada fin elati shakllangan. 12— 13-asrlarda Finlyandiya hududini shvedlar istilo qila boshladi. 19-asr boshlariga kelib u butunlay Shvesiya qo’l ostiga o’tdi. Ammo fin dehqonlari shaxsiy ozodlikni qo’ldan bermadilar. 1808— 09 yillardagi Rossiya-Shvetsiya urushidan so’ng Finlyandiya hududi Buyuk Finlyandiya knyazligi tarzida Rossiya tarkibiga qo’shib olindi. Finlyandiyani Rossiya podshosi tayinlagan general-gubernator (1816 yildan Senat raisi) boshqardi. Unga ichki ma’muriy muxtoriyat bilan birga iqtisodiy muxtoriyat ham berildi. 19-asrning 20-yillaridan Finlyandiyada iqtisodiy yuksalish tezlashdi. Yog’och tilish sanoati, qishloq xo’jaligida sut chorvachiligi rivojlandi. Rossiya va G’arbiy Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq jonlandi, 1860 yildan o’z puli joriy etildi. 19-asrning 2-yarmida pul-tovar munosabatlari qaror topdi. Fin millati shakllana bordi. 80-yillarning o’rtalarida podsho hukumatining Finlyandiya muxtoriyati huquqlariga tajovuzi kuchaydi. Fin xalqi o’z milliy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish uchun kurash boshladi. Dastlabki siyosiy tashkilot va partiyalar tuzildi. 1916 yil parlament saylovida Finlyandiya sotsial-demokratik partiyasi g’alaba qozondi. 1917 yil 6 (19) dekabrda Finlyandiya Seymi mustaqillik haqida deklaratsiya qabul qildi. 1919 yil Finlyandiya respublika deb e’lon qilindi. 1939 yil Finlyandiyaga SSSR qo’shinlari hujum qildi. 1939— 40 yil «qishki urush»da finlar qattiq qarshilik ko’rsatishiga qaramay, Finlyandiya o’z hududining bir qismidan mahrum bo’ldi. 2-jahon urushi yillarida fashistlar Germaniyasi tomonida bo’ldi. 1944 yil urushdan chiqdi. Urushdan keyin mamlakat o’zini betaraf deb e’lon qildi. Finlyandiya — 1955 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 30 dekabrda tan olgan va 1992 yil 26 Fevralda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 6 dekabr — Mustaqillik kuni (1917). Asosiy siyosiy partiyalari va birlashmalari, kasaba uyushmalari. Finlyandiya so’l Ittifoqi, Finlyandiya Kompartiyasi (1918 yil tuzilgan) bilan Finlyandiya xalqi demokratik Ittifoqi (1944 yil tuzilgan) ning qo’shilishi natijasida 1989 yil tashkil etilgan; Liberal xalq partiyasi, 1965 yil tuzilgan; Milliy koalitsion partiya, 1918 yil asos solingan; Finlyandiya qishloq partiyasi, 1959 yil tashkil etilgan; Finlyandiya sotsial-demokratik partiyasi, 1899 yil tuzilgan; Ko’katparvarlar Ittifoqi, 1987 yil asos solingan; Finlyandiya Markazi, 1906 yil tashkil etilgan; Finlyandiya Xristian-demokratik partiyasi (1958 yil Finlyandiya Xristian Ittifoqi nomi bilan tashkil etilgan, 2001 yildan hozirgi nomda); shved xalq partiyasi, 1906 yil tuzilgan. Finlyandiya kasaba uyushmalari Markaziy tashkiloti, 1907 yilda tashkil etilib, turli nomlar bilan yuritilgan, 1969 yildan hozirgi nomda. Xo’jaligi. Finlyandiya —yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 32%, qishloq xo’jalik, o’rmon va baliq xo’jaliginiki 5%, xizmat ko’rsatish sohasiniki 63%. Sanoati, asosan, eksportga moslangan bo’lib, o’rmon, metallurgiya, mashinasozlik (yog’ochsozlik, tsellyulozaqog’oz sanoati va kemasozlik uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish, elektrotexnika va radioelektronika), yog’ochsozlik va tsellyulozaqogoz (tilingan yog’och, qog’oz, karton, faner ishlab chiqarish), qora va rangli metallurgiya, elektr energetikasi, neftni qayta ishlash, kimyo, to’qimachilik, tikuvchilik, oziq-ovqat sanoatning yetakchi tarmoqlaridir. Finlyandiyaning yoqilg’i-energetika resurslari yetarli emas, qattiq va suyuq yoqilg’ining aksar qismi chet ellardan keltiriladi. Elektr energiyaning 1/6 GESlarda, 1/3 AESlarda hosil qilinadi. Yiliga o’rtacha 66,8 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Temir, mis, qo’rg’oshinrux, nikel, xrom rudalari, kobalt, vanadiy, grafit, pirit va boshqalar qazib olinadi. Pax va Xyamenlinna shaharlaridagi metallurgiya zavodlarida cho’yan va po’lat, Xaryavalta va Pori shaharlarida mis va nikel, Kokkolada rux eritiladi. Torniodagi zavodda xrom rudasi qayta ishlanib, kontsentrat hosil qilinadi. Tampere, Rauma, Laxti, Vasa, Karxulada mashinasozlik, Xelsinki, Turku, Porvo, Saloda yo’l qurilishi va qurilish ishlari uchun mexanizmlar, ko’tarmatransport uskunalari, elektron va telefon apparatlari ishlab chiqariladi. O’rmon, ayniqsa, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz sanoatining eksportdagi ulushi katta. O’rmon sanoatining asosiy markazlari — Kotka, kemi va Pori. Chetdan keltiriladigan xom ashyo negizida neftni qayta ishlash sanoati rivojlangan (Nantali, Porvo). Kimyo va neft kimyosi sanoatida plastmassa, mineral o’g’it, sintetik materiallar, bo’yoq, xlor, oltingugurt kislotasi va boshqalar ishlab chiqariladi. Oyna, chinni, ko’npoyabzal, to’qimachilik, tikuvchilik sanoati rivojlangan. Oziq-ovqat sanoati, ayniqsa sut sanoati mahsulotining bir qismi eksport qilinadi. Qishloq xo’jaligida fermerlik tipidagi mayda va o’rta yer egaligi ustun. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar mamlakat hududining 8%ni tashkil qiladi. Sut-go’sht chorvachiligi — qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i. Qoramol, cho’chqa, qo’y, ot, parranda boqiladi. Dehqonchilikda bug’doy, yem uchun javdar, arpa, suli, texnika ekinlaridan qand lavlagi, shuningdek, kartoshka, pichanbop o’t ekiladi. Darrandachilik (norka, kulrang tulki, shim. tulkisi), bug’uchilik, baliq ovlash rivojlangan. O’rmon xo’jaligi — mamlakat iqtisodiyotining qadimgi tarmog’i. Finlyandiyada 18 million gektardan ortiq o’rmon bor, yiliga 50-55 million metr kub yog’och kesiladi. Transportida temir yo’l uzunligi 5,9 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 77,7 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari: Xelsinki, Turku, Kotka. Shvesiya, Estoniya, Polsha, Germaniya bilan parom orqali qatnov yo’lga qo’yilgan. Chetga tsellyulozaqog’oz, yog’ochsozlik, mashinasozlik, kemasozlik, kimyo, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari va boshqalar chiqaradi. Chetdan xom ashyo va chala tayyor mahsulotlar, yoqilgi va moylash ashyolari, keng iste’mol mollari va boshqalar oladi. Rossiya, Germaniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, AQSh bilan savdo qiladi. Pul birligi — fin markasi. Tibbiy xizmati. Vrachlar Xelsinki, Turku va Oulu universitetlarining tibbiyot fakultetlarida, tibbiy hamshiralar tibbiyot maktablarida tayyorlanadi. Xelsinkida veterinariya kolleji bor. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Maktab darslari fin yoki shved tillarida o’tiladi. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. 1968 yil qonuniga binoan, yagona umumiy ta’lim tizimiga o’tish 1980 yilda nihoyasiga yetkazildi. Majburiy ta’lim — 9 yillik. Majburiy maktab negizida 3 yillik katta o’rta maktab tashkil etilgan. Davlat, munisipal va xususiy hunar bilim yurtlari va maktablarida quyi xunartexnika ta’limi, texnika, pedagogika, tijorat intlarida o’rta maxsus ta’lim beriladi. 22 oliy o’quv yurti, shu jumladan, 11 universitet bor. Yiriklari: Xelsinki universiteti (1640), Tamperedagi universitet, Turkudagi shved universiteti (Abo Akademiya), Tampere, Xelsinki va Lappenranta shaharlaridagi texnika universitetlari. Oliy tijorat maktablari va boshqalar mavjud. Bundan tashqari, bir qancha maxsus oliy o’kuv yurtlari: Ya. Sibelius nomidagi musiqa akademiyasi, 4 ta chet tillar instituti va boshqalar bor. Finlyandiyada jami 400 ilmiy tadqiqot muassasasi va jamiyat bo’lib, shundan 40 tasi, jumladan, texnika tadqiqotlari markazi (1942), qishloq xo’jalik ilmiy tadqiqot markazi (1898), tsellyulozaqog’oz sanoati Markaziy laboratoriya, o’rmon genetikasi (1968) va o’rmon muhofazasi (1972) ilmiy tadqiqot institutlari davlatga qarashli. Oliy o’quv yurtlari huzurida 50 dan ortiq ilmiy tadqiqot instituti va laboratoriya bor. Yirik kutubxonalari: Xelsinki universitetining kutubxonasi (1640), Xelsinki shahar kutubxonasi (1860), parlament kutubxonasi. Milliy muzey, shahar muzeyi, Xelsinki universitetining zoologiya muzeyi, Botanika bog’i, turkuda tarix muzeyi, Tasviriy san’at muzeyi, Ya. Sibelius muzeyi, Marianxaminda kema qatnovi muzeyi va boshqalar mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Finlyandiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: «Aamulexti» («tonggi gazeta», kundalik mustaqil gazeta, 1881 yildan); «Iltasanomat» («oqshom gazetasi», kundalik kechki gazeta, 1932 yildan); «Suomenmaa» («Suomi eli», kundalik gazeta, 1908 yildan); «turun pyayvyalexti» («Turku kunduzgi gazetasi», kundalik gazeta, 1898 yildan); «Xelsingin Sanomat» («Xelsinki yangiliklari», kundalik gazeta, 1889 yildan); «Xyuvyudstadsbladet» («poytaxt gazetasi», shved tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1864 yildan); «kansan lexti» («Xalq gazetasi», kundalik gazeta, 1899 yildan); «Maaseudun tulevaysuus» («qishloq istiqboli», haftasiga 3 marta chiqadigan gazeta, 1971 yildan); «Me nayset» («biz — ayollar», xotinqizlar uchun haftalik jurnal, 1952 yildan); «Finlyandiya Segodnya» («bugungi Finlyandiya», rus tilida chiqadigan jurnal, 1982 yildan); «Yuxteysxyuvya» («mushtarak manfaat», haftalik jurnal, 1905 yildan). Fin telegraf byurosi — FTB, 1887 yil tuzilgan, fin gazetalari, radio va televideniyesining aktsiyadorlik jamiyati. Radioeshittirishlar 1926 yildan, teleko’rsatuvlar 1956 yildan olib boriladi. «Fleysradio», fin radiosi va televideniyesi davlat Mahkamasi 1926 yil tashkil etilgan. 1934 yildan davlat nazoratida. Adabiyoti. Fin yozuvi 1521 yil Finlyandiyada boshlangan Reformatsiya harakati ta’sirida vujudga keldi. Reformatsiya namoyandasi M. Agrikola 16-asr o’rtalarida bosma kitoblar nashr eta boshladi va 3 asr davomida aksar diniy kitoblar bosildi. 19-asr adabiyoti fin xalqining shvedlar zulmidan ozod bo’lib, millat sifatida shakllanishi, ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qilish bilan bog’liq ravishda rivojlandi. 1830 yil Xelsinkida «shanbalik suhbati» adabiyfalsafiy to’garagi vujudga keldi. Tugarak a’zolari bir yil o’tib «Fin adabiyoti jamiyati»ni tuzdilar (hozir xam mavjud). Folklorshunos E.Lyonrot (1802— 84) xalq eposi «Kalevala»ni nashr ettirdi. Shoir Y.L.Runeberg, faylasuf, publisist va tanqidchi Y.V.Snelman adabiyot rivojiga katta hissa qo’shdilar. Yangi fin adabiyotining asoschisi, ilk milliy drama va romanlar muallifi A. Kivi adabiyotda yangi realistik an’analarni boshlab berdi. Ts.Topelius tarixiy romanlar, Yu.Veksell she’r va pyesalar, K.R.Kramsu ijtimoiy mavzuda she’rlar yozdi. Minna Kant, Yu.Axo, A.Yarnefelt, K.A.Leyno va boshqa yozuvchilar xalq hayoti va, ayniqsa, ayollarning ayanchli taqdirini haqqoniy tasvirlab berdilar. 20-asr boshlarida turli adabiy oqimlar yuzaga keldi. A.E. Leyno, L.Onerva, V.Kilpi yangi realizm yo’lidan bordi, M.Lassila hajviy qissa va komediyalar yaratdi, I.Kianto, M.Yotuni, Y.Lextonen umidsizlik kafiyatiga berildi. 2-jahon urushidan keyin A.Eykiy, M.Larni, V.Linna, P.Rintal, V. Meri romanlarida ijtimoy muammolar asosiy o’rinda turdi. Xella Vuoliyokining haqqoniy pesalari fin dramaturgiyasining muhim yutug’i bo’ldi. 1897 yildan Finlyandiya yozuvchilar uyushmasi mavjud. Me’morligi va tasviriy san’ati qadimgi an’analarga boy. Neolit davriga mansub qoyatosh rasmlari, tosh pichoq, suyakdan yasalgan asboblar, sopol idishlar saqlangan. Milodiy 13-15- asrlarda toshdan saroy va arklar qurilgan (Savonlinna yaqinidagi Olavinlinna qal’asi, Turkudagi qasrlar va boshqalar). 14— 16-asrlarda toshdan, 17-18-asrlarda xalq me’morligi uslubida yog’ochdan cherkovlar barpo etilgan (Tornio va Keurudagi cherkovlar). 19-asr o’rtalarida me’morlikda milliy romantizm oqimi hukmron bo’ldi (Xelsinkidagi vokzal binosi, me’mor E.Saarinen), 19 asr oxiri — 20-asr boshlarida «modern» uslubi rasm bo’ldi. 2-jahon urushidan keyin binolar zamonaviy qurilish konstruktsiyalaridan foydalanib tiklana boshladi, ayniqsa, jamoat binolari zo’r mahorat bilan barpo etildi. A.Aalto, R.Pietilya, A.Ervi kabi me’morlar sodda me’moriy shakllar asosida jozibador kompozitsiyalar yaratdilar (Seynyatsalo sh.ning ma’muriy markazi, Xelsinkidagi ishchilar madaniyat uyi, «Finlyandiya» saroyi, «Prezident» mehmonxonasi boshqalar). 14-15-asrlardagi o’rta asrlar mahobatli rangtasvirida xalq naqqoshligi rivojlangan (Xattula, Tayvassiladagi cherkov devorlariga ishlangan rasmlar). 18-asrda M.Toppelius mahobatli rangtasvir sohasida shuhrat qozondi. Shu davrda Finlyandiyada dunyoviy dastgoh rassomligi janrlari ommalashdi (I.Vaklin portretlari, N.Shilmark manzara va natyurmortlari). 19-20-asrlarda fin tasviriy san’at maktabi shakllandi, xalq hunarmandchiligi, yog’och o’ymakorligi, o’rta asr mahobatli rangtasvir an’analari qayta tiklandi. 20-asr o’rtalarida V. Aaltonen haykaltaroshlikda Shuhrat qozondi. Zamonaviy rassomlardan M.Kollin, A.Kanerva, V.Vionoyya, S. Gryonvall; grafiklardan V.Askola, I.Kolliander, T. Tapiovara; haykaltaroshlardan A.Tukiaynen, R.Utriaynen, L.Pullinen, E.Xiltunen; plakat va dizayn ustalaridan I.Tapiovara, M.Kuyasalolar mashhur. Xalq san’atida mato va gilam to’qish, metall idishlar yasash rivoj topgan. Musiqasi xalq musiqiy an’analari asosida rivojlanib keldi. Xalq qo’shiqlari (Run, yoyku va boshqalar) hozirgacha milliy musiqa folklorida ijro etiladi. Mehnat, marosim, hazil, sevgi qo’shiqlari, raqs bilan birga ijro etiladigan laparlar keng yoyilgan. Cholg’u asboblari: kantele (torlichertma), yo Uxikko (torlika monli), tuoxitorvi (puflama); 19-asrdan klarnet va skripka, 20-asrdan garmon ommalashdi. Professional musiqa san’ati o’rta asrlarda shakllana boshladi (Grigorian, 16-asrdan protestant xoralch). Birinchi fin operasi («Qirol Karl ovga chiqdi», 1852) va milliy madhiya muallifi — F. Pasius, birinchi simfoniya (1847) muallifi — A.G.Ingelius. Fin musiqasida F.Shans birinchi marta «Kalevala»dagi milliy ohanglardan foydalanib, «Kullervo» simfonik uvertyurasini yaratdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida M.Vegelius (1882 y. Xelsinkida musiqa intini tashkil etgan; 1939 yildan Ya.Sibelius nomidagi musiqa akademiyasi) va R.Kayanus (professional simfonik orkestr tuzgan) milliy kompozitorlik maktabi asoschilaridir. Ya. Sibelius ijodida milliy musiqa an’analari kamol topdi. Zamonaviy kompozitorlar orasida E.Englund, E.Bergman, Y.Kokkonen, E.Rautavara, dirijyorlar orasida G.Shnefoxt, A.Yarnefelt, L.Segerstam, pianinochilar orasida K.Ekman, A.Valeta, yakkaxonlar orasida I.Ekman, A.Rautavara va boshqalar mashhur. Xelsinkida opera teatri (1911; 1956 yildan Finlyandiya Milliy teatri), shahar simfonik va kamer orkestrlari, Finlyandiya radiosining simfonik orkestri, Xalq konservatoriyasi, Finlyandiya musiqachilar uyushmasi va boshqalar ishlaydi. Finlyandiyada bir nechta xalqaro musiqa festivali va tanlovlari muntazam ravishda o’tkaziladi. Teatri. 1827 yil Xelsinkida dastlabki teatr binosi — teatr uyi qurildi. Unda rus, nemis, shved drama va opera truppalari tomosha ko’rsatdi. 1860 yil bu yerda shved aktyorlaridan iborat birinchi professional teatr faoliyat boshladi. 1872 yil fin tilidagi professional teatr (drama va opera truppalari) tashkil etildi. 1902 yil drama truppasi opera truppasidan ajralib chiqib, Fin Milliy teatri nomini oldi. I.Aalberg, K.Avellan, A.Lindfors, K.Xalme, R. Snelman, U.Somersalmi (19-asr oxiri — 20-asr boshi), T.Palo, E.Eronen, E.Volanen, A.Ikonen, X.Salin, E.Yurkka (20-asrning 50-80-yillari) teatrning yetakchi aktyorlaridir. Turli yillarda ishlagan mashhur rejissyorlar: K.Bergbum, Ya.Xal, Ya.Laxdensuo, E.Kalima, K.Kivima, D.Vitikka, V.Ilmari. Xelsinkida Xalqishchi teatri (1914), Milliy shved teatri, intim teatri, lo’lilarning «Drom» teatri (1982) ham ishlaydi. Tampere, Turku, Laxti, Kuopio va b. shaharlarda ham teatrlar bor. Ularda jahon mumtoz dramaturgiyasi asarlari bilan bir qatorda mahalliy mualliflarning pesalari ham sahnalashtiriladi. Teatr xodimlari Xelsinkidagi Oliy teatr maktabi (1943)da tayyorlanadi. Kinosi. 1904 yil Finlyandiyada xronika filmlari suratga olina boshladi. 1906 yil «Apollo» kinofirmasi tuzildi. 1907 yil «Pinhona haydovchilar» (rejissyor T.Sparre va T. Puro) qisqa metrajli badiiy filmi chiqarildi. 20-yillarda ko’proq milliy adabiyot asarlari: M.Kant komediyasi asosida «Anna Liysa» (rejissyor T.Puro va Yu.Snelman), Ts.Topelius novellasi asosida «Rautakyullik keksa baron» (rejissyor Fager), A.Kiv komediyasi asosida «NUMMI etikdo’zlari» (rejissyor E.Karu) ekranlashtirildi. «Komediyafilm», «Fennikafilm» va «AkilaSuomikompaniya» firmalari tashkil etildi. 1933 y. E.Karu Finlyandiyadagi eng yirik «Suomenfilmiteolisus» firmasini tuzdi. Uning eng yaxshi filmlari: «Yuxa» (1937), «insonning yo’li» (1940; ikkalasining rejissyor N.Tapiovara), «oq kiyik» (1953, rejissyor E.Blomberg), «Sutchi Xilya» (1953, rejissyor T.Syarkkya), «noma’lum askar» (1955, rejissyor E.Layne), «qizil chiziq» (1959, rejissyor M. Kassila). 60-70-yillarda ijtimoiy-tanqidiy yo’nalishdagi «ishchining kundaligi» (rejissyor R.Yarva), «kalamushlar jangi» (rejissyorM.Kurkvara), «Zavoddagi otishma» (rejissyor E.Kivikoski) filmlari yaratildi. 20-asrning oxirgi o’n yilliklaridagi yaxshi filmlar: «yovvoyi hayvon belgisi» (rejissyor Ya.Pakkasvirt) va «dengiz bo’yidagi tun» (rejissyor E.Kivikoski).