FITOMASSA

FITOMASSA (fito… va massa) — ma’lum maydon (yuza birligi) yoki ayni paytda yashash joyiga to’g’ri keladigan o’simliklar ekosistema) biomassasi yig’indisi. O’simliklarning yer usti va yer osti organlari: barglar, novdalar, gullar, mevalar, poyalar, shoxlar, ildizlar, tuganaklar, piyozlar va boshqalardan iborat. Biomassa kabi g/m2, kg/ ga, g/m3 va b. o’lchovlarda ifodalanadi. Fitomassa ko’rsatkichidan ekosistemalarning biologik hosildorligiga baho berishda foydalaniladi (masalan, 1 gektar paxtazorda butun vegetatsiya davrida 8 tonnadan 16 t gektargacha quruq Fitomassa yig’iladi). Yer yuzasidagi o’simliklar hamjamiyatlarida, shu jumladan, agrobiosenozlarda, Fitomassa, odatda, zoomassaga qaraganda ko’p. Fitomassaning madaniy o’simliklar (shu jumladan, ekinlar) yaratadigan va inson tomonidan foydalaniladigan qismi (mevalar, urug’lar) hosil deb ataladi.