FIVA
FIVA (Yunoncha Thebai, misrcha Uaset) — Qad. Misrning eng yirik shaharlaridan va badiiy markazlaridan biri. Fiva miloddan avvalgi 3-ming yillik o’rtalaridan ma’lum. Misrning barcha hududlarini birlashtirgan 11 sulola fir’avnlari davrida (miloddan avvalgi 22-asr o’rtasi — 20-asr) Fiva poytaxt bo’lgan va O’rta va yangi podsholiklar davrida garchi fir’avnlar boshqa shaharlarni o’zlariga qarorgoh tutgan bo’lsalarda poytaxtligicha qolgan. Miloddan avvalgi taxminan 730 yil Kush podshosi Pianxa Fivani bosib olgan. Ossuriya podshosi Ashshurbanipal miloddan avvalgi 663 yil Fivani vayron qilgan va mamlakatning siyosiy va iqtisodiy markazi shim.ga ko’chirilgan; Fiva o’z rolini yo’qotgan va miloddan avvalgi 88 yilgacha, ya’ni Ptolemey IX Soter tomonidan vayron qilinmaguncha diniy markaz sifatida rol o’ynagan. Fivada arxeologik qazish ishlari 19-asrning 1-yarmidan turli mamlakatlar olimlari tomonidan olib boriladi. Fiva hududida yirik ibodatxonalar majmui, nekropollar, fir’avnlar maqbaralari, Fir’avnning 2 ta ulkan haykali va boshqalar saqlanib qolgan.