FIZO (FIZEAU) ARMAN IPPOLIT LUI

FIZO (FIZEAU) ARMAN IPPOLIT LUI (1819.23.9, Parij 1896.18.9, Vantyoy qal’asi) — frantsuz fizigi. London Qirollik jamiyati a’zosi (1875). Parij Fanlar Akademiyasi a’zosi (1860), prezidenti (1878). Kollejda va Parij rasadxonasida o’qigan. Parij politexnika maktabi direktori (1863 yildan). Shu maktab professor (1865-67). Ilmiy ishlari fizik optikaga oid. Aylanuvchi tishli g’ildirak yordamida yorug’lik tezligini o’lchash usuli (Fizo usuli)ni ishlab chiqqan (1849), yer sharoitida birinchi marta yorug’lik tezligini o’lchagan. Harakatdagi suvda yorug’lik tezligini o’lchagan (Fizo tajribasi, 1851). Fizo tajribasi yoruglikning to’lqin nazariyasini, tezliklarni qo’shishning relyativistik formulasini tasdiklashda muhim rol o’ynaydi. Dopler effektini to’g’ri talqin etgan (Dopler — Fizo effekti, 1848). Yorug’likning interferentsiyasini kuzatish usulini (1849) va qattiq jismlarning kengayish koeffisientini o’lchashning interferentsion usulini (1852) ishlab chiqqan. Induktsion g’altak, interferentsion spektroskop, dilatometr yasagan.