FOUJEL (FOGEL) ROBERT

FOUJEL (FOGEL) ROBERT (1926.1.7, Nyu-york) — amerikalik iqtisodchi. Kornel universitetini tugatgan (1948). 1965 yildan Chikago, 1975 yildan Garvard universitetlari professor 1981 yildan Chikago universitetidagi Aholishunoslik iqtisodiyoti markazi boshlig’i. Iqtisodiy tadqiqotlar Milliy byurosi bilan hamkorlik qilgan, AQShning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish tadqiqotlari dasturini boshqargan. Foujel ilmiy ishlari uzoq davrlarning iqtisodiy tarixini modellashtirish, yangi texnologiyalarning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri, iqtisodiy demografiya masalalariga bag’ishlangan. «Kliometriya» yoki tarixiy jarayonlarni o’rganishda iqtisodiy nazariya va miqdoriy usullardan foydalanadigan «yangi iqtisodiy tarix» asoschilaridan biri. Nobel mukofoti laureati (1993; D. Nort bilan birga).