FOYDALI QAZILMA KONLARI RAZVEDKASI

FOYDALI QAZILMA KONLARI RAZVEDKASI — yer osti mineral xom ashyolari zaxirasini geologik-iqtisodiy baholash hamda geologiya razvedka ishlari jamlanmasi va ular bilan bog’liq bo’lgan izlanishlar. Razvedka natijasida konning geologik tuzilishi, fazoviy joylanish qonuniyatlari, foydali qazilma uyumlarining tuzilishi, o’lchami, shakli, yotish sharoitlari, yer osti mineral xom ashyolarining mikdori va sifati, kelajakda olib boriladigan o’zlashtirish ishlari sharoitlarini aniklaydigan texnologik xususiyatlari va omillari belgilanadi. Foydali qazilma konlari razvedkasi geologik s’yomka, geologik qidirish ishlaridan keyin 2 boskichda — dastlabki va mufassal razvedka olib boriladi. Dastlabki razvedka maydonning geologik tuzilish sxemasi, sanoat mineralizasiyasining umumiy ko’lami, yer osti mineral xom ashyolarining o’rtacha sifati, konning sanoatda o’zlashtirilishi navbati va maqsadga muvofiqligi aniklanadi. Mufassal razvedka birinchi o’rinda o’zlashtirishga mo’ljallangan konlarda bajariladi. Dastlabki razvedkadan farkli ravishda, mufassal razvedka qilinadigan maydon butun konga taalluqli bo’lmay, foydali qazilmalarning ma’lum uyumlarigagina tegishli bo’ladi. Geologiya razvedka ishlari burg’i quduqlari va kon inshootlari o’tkazish yo’li bilan amalga oshiriladi. Burgi quduqlari chuqurlikda joylashgan konlar uchun, yer osti kon inshootlari murakkab tuzilishga ega bo’lgan qattiq foydali qazilma konlari uchun qo’llaniladi. Ularda geologik, geokimyoviy, geofizik, gidrogeologik va muhandislik geol.si bo’yicha izlanishlar amalga oshiriladi. Ushbu izlanishlar va namunalash natijalariga qarab, geologik rejalar va kesimlar tuzilib, chegaralanadi va foydali qazilma zaxiralari hisoblab chiqiladi.