FOYDALI QAZILMA KONLARINI O’ZLASHTIRISH

FOYDALI QAZILMA KONLARINI O’ZLASHTIRISH — yer qa’ridan qattiq, suyuq va gazsimon foydali qazilmalarni chiqarib olishning o’zaro boglangan kon ishlari jarayoni majmui. Foydali qazilma konlarini o’zlashtirishning ochiq (karer), yer osti (shaxta), burg’i quduqlari va dengiz tubidan olish (dengiz sathidan pastdagi ishlar) usullari mavjud. Ochiq va yer osti usullaridan qattiq foydali qazilmalarni, burg’i quduqlaridan esa, asosan, suyuq va gazsimon foydali qazilmalarni chiqarib olishda foydalaniladi. Yer osti usuli bilan katta chuqurlikda yotgan foydali qazilmalar qazib olinadi. Foydali qazilma konlarini o’zlashtirishda dunyo okeanida konlarni o’zlashtirish va dengiz tubidan foydali qazilmalarni chiqarib olish aloxida o’rin egallaydi. Dunyo bo’yicha ochiq usul bilan 60% ga yaqin metall rudalari, 85% nometall rudalar, 100% noruda foydali kazilmalar va 35% ga yaqin kumir qazib olinadi.