FRAZEOLOGIYA
FRAZEOLOGIYA (Yunoncha phrasis — ifoda, ibora va …logiya) — 1) tilshunoslikning tilning frazeologik tarkibini (Frazeologizm) uning hozirgi holatida va tarixiy taraqqiyotida tekshiruvchi bo’limi; 2) muayyan tildagi frazeologizmlar majmui. Tilshunoslik bo’limi sifatidagi Frazeologiya ning asosiy diqqat-e’tibori frazeologizmlar tabiatini va ularning kategorial belgilarini o’rganishga, shuningdek, frazeologizmlarning nutqda qo’llanish qonuniyatlarini aniqlashga qaratiladi. Frazeologiyaning eng muhim muammosi frazeologizmlarni nutqda hosil qilinadigan (ya’ni avvaldan tayyor bo’lmagan) so’z birikmalaridan farqlab, ajratib olish va shu asosda frazeologizmlarning belgilarini aniqlashdir. Idiomafrazeologizmlar, frazeologik birikmalar va barqaror jumlalar (maqol va matallar, gapga teng boshqa frazeologizmlar) o’rtasidagi muayyan tafovutlarga qarab ko’plab tadqiqotchilar Frazeologiyani 2 xil: tor va keng ma’noda tushunadilar. Uni keng ma’noda tushunilganda, Frazeologiya doirasiga maqol va matallar, folklorga xos barqaror jumlalar, ba’zi muloqot shakllari (salomlashish, xayrlashish jumlalari) ham kiritiladi. Lekin bu masala, ya’ni Frazeologiyani keng ma’noda tushunish masalasi hanuz munozarali bo’lib qolmoqda. Frazeologiyaning asosiy vazifalari yoki masalalari: frazeologik tarkibning izchilligini aniklash va shu munosabat bilan frazeologizmning belgi(lik) xususiyatini o’rganish; frazeologizmlar omonimiyasi, sinonimiyasi, antonimiyasi, polisemiyasi va variantdorligini tavsiflash; frazeologizmlar tarkibida qo’llanuvchi so’zlar va ularga xos ma’nolarning o’ziga xos xususiyatlarini aniqlash; frazeologizmlarning so’z turkumlari bilan o’zaro munosabatlarini oydinlashtirish; ularning sintaktik rolini aniqlash; frazeologik birliklar tarkibida so’zlarning yangi ma’nolari hosil bo’lishini o’rganish va boshqalar. Frazeologiya frazeologik birliklarni ajratish printsiplarini, ularni o’rganish, tasniflash va lug’atlarda tavsiflash metodlarini ishlab chiqadi. Frazeologiyada ishlab chiqilgan o’ziga xos, xilma-xil metodlar asosida tilning frazeologik tarkibi turlicha: struktursemantik, grammatik, vazifaviyuslubiy asoslarga ko’ra tasnif etiladi. Struktursemantik tasnif printsipi asosiy hisoblanadi. Frazeologiya tilshunoslikning mustaqil tarmog’i sifatida 20-asrning 40-yillarida rus tilshunosligida paydo bo’lgan. Uning dastlabki shakllanishiga rus olimlari A. A. Potebnya, I. I. Sreznevskiy, A. A. Shaxmatov asarlarida asos solingan bo’lsa, barqaror (turg’un) so’z birikmalarini alohida tilshunoslik bo’limi — Frazeologiyada o’rganish masalasi 20— 40-yillardagi o’quvmetodik adabiyotlarda — E.D.Polivanov, S. Abakumov, L. A. Bulaxovskiy asarlarida ko’tarib chiqilgan. G’arbiy Yevropa va Amerika tilshunosligida Frazeologiya tilshunoslikning alohida bo’limi sifatida ajratilmaydi. O’zbek tilshunosligida frazeologiya sohasidagi tadqiqotlar o’tgan asrning 50-yillaridan boshlangan. Shu kungacha frazeologizmlar turli jihatlardan o’rganilgan (Sh. Rahmatullaev, B. Yo’ldoshev, A. Mamatov va boshqalar), Frazeologiya bo’yicha bir necha lug’atlar tuzilgan (Sh. Rahmatullaev, M. Sodiqova), yozuvchilardan Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Oydin, Said Ahmad asarlarining frazeologik tarkibi tadqiq etilgan. 70-80-yillarda Samdu qoshida frazeologik tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi va maxsus to’plamlar chiqaruvchi markaz faoliyat kursatgan. Ad.: Babkin A. M., Russkaya frazeologiya, razvitie i istochniki. L., 1970; Vinogradov V. V., Osnovnie ponyatiya russkoy frazeologii kak lingvisticheskoy dissiplini, v ego knige: Izbrannie Trudi, t. 3. Leksikologiya i leksikografiya, M., 1977; Bibliograficheskiy ukazatel literaturi po voprosam frazeologii, VIP. 3-4, Samarkand, 1974-76; Rahmatullaev Sh ., O’zbek frazeologiyasining ba’zi masalalari, T., 1966; Rahmatullaev Sh ., O’zbektilining izohli frazeologik lugati, T., 1978. O’roq Lafasov, Nosirjon Oxunov.