FRENEL (FRESNEL) OGYUSTEN JAN

FRENEL (FRESNEL) OGYUSTEN JAN (1788.10.5,Broli 1827.14.7,Vild’Avre, Parij yaqinida) — frantsuz fizigi, Parij Fanlar Akademiyasi a’zosi (1823). London Qirollik jamiyati a’zosi, to’lqin optikasi asoschilaridan biri. Fizikani mustaqil o’rgangan. Politexnika maktabida (1806), so’ngra ko’priklar va yo’llar maktabi (Parij)da o’qigan (1809). Ilmiy ishlari fizik optikaga oid. Interferentsiya printsipini qayta kashf qildi (1815). Gyuygens printsipini to’ldirdi (Gyuygens—Frenel printsipi 1816), yorug’lik difraktsiyasi nazariyasini ishlab chiqdi (1818), to’siq cheti va dumaloq tirqishdan difraktsiyani kuzatdi. Yorug’lik to’lkinlarining ko’ndalangligini isbotladi (1821), nurning ikkilanib sinishini, qutblanish tekisligining burilishini tushuntirib berdi. Ikki muhit chegarasidan yorug’likning qaytish va sinish qonunlarini topdi.