FUTURIZM
FUTURIZM (lotincha futurum — kelajak) — 20-asr boshlarida Yevropa adabiyoti va san’atida maydonga kelgan avangardizm oqimi. Futurizm g’oyalari, ayniqsa, Italiya va Rossiyada adabiyot, teatr, musiqa va kino san’atlaridan tashqari, adabiyotshunoslik va san’atshunoslik fanlarida o’z ifodasini topdi. Shuningdek, Futurizm Yevropadagi qator adabiyot va san’at namoyandalarini ham ta’sir doirasiga tortdi. 1909 yil 20 Fevralda «Figaro» (Parij) gazetasida «futurizm manifesti»ning e’lon qilinishi Italiyada Futurizmning vujudga kelishiga sababchi bo’lgan. Futurizmning nazariyasi va poetikasi 1909— 15 yillarda shakllangan. Milandagi ilk futuristlar guruhi rahbari F.T. Marinetti «Futurizm manifesta» (1909), «oy nurini o’ldiramiz!»(1911), «futuristic adabiyotning texnik manifesti» (1912), «Sintaksisning emirilishi…»(1913) maqolalari, shuningdek, rassomlar —U. Bochchoni, K. Karra, kompozitor Pratelli va boshqalar o’z manifestlari bilan Futurizm estetikasiga asos solishgan. 20-asrda yuzaga kelgan boshqa avangardlik oqimlari singari, Futurizm ham mavjud dunyo bilan aloqani uzib, dunyo madaniyatini rad etgan, o’zining aksilestetikasini an’anaviy adabiy did va maktablarga qarshi qo’ygan. Futuristlarning yangi nutqiy ifoda vositalarini axtarishlari («erkin» sintaksis, tovushtaqlid va b.) poetik til sohasidagi islohot bo’la olmagan. Italyan futuristlari badiiy merosdan voz kechish bilan birga kuch va zo’ravonlikni targ’ib qilib, urushni «dunyo gigienasi» sifatida madh etgan, ayrimlari esa keyinchalik Mussolini tomoniga o’tib ketgan. Rus Futurizmi mustaqil badiiy harakat sifatida maydonga keldi. Rus Futurizmining tarixi «gileya» yoki kubofuturistlar (V. V. Xlebnikov, D. D. va N. D. Burlyuklar, V. V. Kamenskiy, V. V. Mayakovskiy va boshqalar), «Egofuturistlar uyushmasi» (I. Severyanin, I. V. Ignatev, K. K. Olimpov va boshqalar), «She’riyat shiyponi» (V. Shershenovich, R. Ivnev va boshqalar) hamda «Tsentrifuga» (B. L. Pasternak, N. N. Aseyev va boshqalar) guruhlarining o’zaro munosabatlari va kurashi tarixidan iborat. «Gileya» boshqa guruxlardan avval tuzilgan va dastur xarakteridagi bir necha to’plamlarni nashr etgan uyushma sifatida o’zida rus Futurizmining qiyofasini ko’proq aks ettirgan. Eskilikning muqarrar emirilajagini, «jahon to’ntarishi» va «yangi insoniyat»ning tug’ilishini san’at orqali sezish va oldindan aytib berishga urinish mazkur harakatning umumiy asosini tashkil etgan. Badiiy ijod, rus futuristlarining fikricha, taqlid emas, balki tabiatning davomi; tabiat esa insonning ijodiy kuchi yordamida yangi dunyoni barpo etadi. Adabiy janr va uslublarning shartli tizimini buzish, til tabiatning tarkibiy qismi bo’lgan davrga, folklormifologik manbalarga qaytishning boisi shundadir. Futuristlar jonli rus tili zaminida tonik she’r va fonetik qofiyani ishlab chiqdilar, yangi so’zni «ijod etish»ga mahliyo bo’lib, hatto yangi sheva yaratishgacha bordilar. 1917 yildan keyin Rossiyada «LEF», «Kommuna san’ati», Ukrainada «Aspanfut», Gruziyada «41» singari guruxlar tuzildi. V. V. Mayakovskiy singari futurist shoirlarning dovruq qozonishi bilan O’zbekistonda ham ularning izdoshlari paydo bo’ddi. Ular (Oltoy, Sh. Sulaymon, U. Ismoilov) ma’lum vaqg tovush taklidiga asoslangan, shaklbozlik ko’rinishlaridan iborat she’riy tajriba bilan mashg’ul bo’ldilar. Ammo sosialistik realizm metodining qaror topishi bilan bunday hollarga barham berildi. Adabiy-badiiy taraqqiyot avangardlik oqimlarining o’tkinchi davr samarasi ekanini isbotladi. Ad.: Literaturnoe Dvijenie sovetskoy epoxi. Materiali i dokumenti, M., 1986. Naim Karimov.