FUZULIY MUHAMMAD SULAYMON
FUZULIY MUHAMMAD SULAYMON (1498 Karbalo shahri, Iroq 1556) — Ozarbayjon shoiri va mutafakkiri. Ozarbayjon, fors va Arab tillarida ijod qilgan. Otasi baet qabilasidan bo’lib, 15-asr oxirlarida Ozarbayjondan Bag’dodga ko’chib borgan. Bag’dod madrasalarida tahsil olib, o’zi ham mudarrislik qilgan. Uzoq vaqt Bag’dodda yashagan. Ozarbayjon hukmdori shoh Ismoil I Safaviy va Turkiya sultoni Sulaymon 1 qonuniy shoirni moddiy jihatdan bir oz ta’minlab turganlar. Lekin uning turmushi ko’p vaqt qiyinchilikda va kambag’alchilikda o’tgan. Iroqning Bag’dod, Hilla, Najaf kabi shaharlarida bir qancha muddat yashagan Fuzuliy ona shahri Karbaloga qaytib, shu erda vabo kasalidan vafot etgan. Fuzuliy boy adabiy an’anaga ega bo’lgan forsiy va turkiy adabiyotning Xoqoniy Shirvoniy, Mujrim Baylagani, Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy, Salmon Sovajiy, Hofiz Sheroziy, Atoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy ijodini mehr bilan o’qibo’rganib, ularning mahorat sirlaridan bahramand bo’lgan. Shoir ijodiga, ayniqsa, Lutfiy bilan Navoiy kuchli ta’sir ko’rsatgan. Fuzuliy devon tuzib, uni «Muhabbatnoma», «Farzandi dilband» deb ta’riflagan. Shoir ishqiy lirikasida insonning ma’naviy olami, jo’shqin histuyg’ular tug’yoni, olijanoblik bilan jaholat, ochko’zlik o’rtasidagi kurash, insonga samimiy, yuksak muhabbat bilan bog’liq botiniy kechinmalar aks ettirilgan. Fuzuliy poetik me’rosining asosiy qismini g’azal va qasidalar tashkil etadi. Lutfiyning (16-asr) yozishicha, g’azaliyotda Fuzuliyning «Navoiyga o’xshash g’aroyib bir yoqimli yo’li va ajoyib bir uslubi bor» bo’lgan. She’rlarida lirik qahramonoshiqning ruhiy kechinmalarini, qalb sirlarini butun ichki qaramaqarshiliklari bilan mumkin qadar teran tasvirlashga erishgan. Bunda oshiq o’z mahbubi yo’lida har qanday azob-uqubatlarni yenguvchi, komil inson sifatida namoyon bo’ladi. Fuzuliy ijodining cho’qqisi «Layli va Majnun» dostoni (1536-37)dir. Asar lirikepik xarakterda bo’lib, Sharqda mashhur bo’lgan an’anaviy syujet va obrazlar asosida yaratilgan va turkiyzabon xalkdar o’rtasida keng tarqalgan. Sa’diyning «Guliston» va «Bo’ston», Hofizning «Devon», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Chor devon» kitoblari qatorida, Fuzuliy asarlari ham madrasalarning o’quv dasturiga kiritilgan. Fuzuliyning «matla’ ul e’tiqod» falsafiy risolasi, «Hadiqat ussuado», («Baxtiyorlar bog’i»), «suhbat ulasmor» («Mevalar munozarasi»), «shikoyatnoma», «Bangu boda» («Bang va boda»), «Anisulqalb», («qalb do’sti») «Yetti jom» yoki «Soqiynoma», «Rindu Zohid», «Sihhat va maraz» («sog’lik va bemorlik») kabi nazmiynasriy, falsafiy-didaktik asarlari Ozarbayjon adabiyotining eng Nodir durdonalari hisoblanadi. Badiiy yuksak asarlari bilan Ozarbayjon adabiyotini yangi bosqichga ko’targan Fuzuliy she’rlarining asosiy mavzusi ham, harakatlantiruvchi kuchi ham, bu she’rlarni ichdan nurlantirib turgan quvvat manbai ham ishq. Mutasavvif shoir sifatida ilohiy muhabbatni ulug’lagan, dunyoga berilishni qoralagan. Insonni kamolotga olib boradigan fazilatlarni tarannum etib, uni tubanlashtiradigan illatlarni tanqid qilgan. Fuzuliy o’zidan keyingi barcha turkiyzabon shoirlar, jumladan, o’zbek shoirlariga ham kuchli ta’sir ko’rsatgan. Fuzuliy ta’sirida, unga ergashib she’rlar bitish, shoir g’azallariga naziratatabbu’lar yozish, muxammaslar bog’lash deyarli barcha shoirlar ijodida uchraydi. Fuzuliyning ozarbayjoncha devoni o’zbek xalqi orasida 18— 19-asrlardayoq keng tarqalgan va bir necha bor o’zbek tilida nashr qilingan. G’azal, murabba’va muxammaslari kuyga solinib, asrlar davomida xonandalar tomonidan kuylanib kelmoqda («shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor o’landan so’r…»va boshqalar). Atoqli Ozarbayjon bastakori Uzayr Hojibekov 1908 y. «Layli va Majnun» dostoni asosida birinchi Ozarbayjon operasini yaratgan. 1958— 61 yillarda Hamid Arasli tahririda Fuzuliy asarlarining to’la ilmiy-tanqidiy nashri yaratildi. Devonining 1581 yil ko’chirilgan nusxalaridan biri O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi. As: Devon, T., 1961; Muhammad Fuzuliy [asarlar], 2 j.li, T., 1968. Ad.: Arasli X., Velikiy Azerbaydjanskiy poet Fizuli, Baku, 1958; Jalolov T., Fuzuliy //Fuzuliy. Devon, T., 1961.