G’AFUROV SHAMSUDDIN
G’AFUROV SHAMSUDDIN (1883 — Samarqand — 1963) — me’mor, ganchkor usta. Hunarni otasi usta G’afur bilan birga ishlab o’rgangan; usta Sa’dulla, usta Abduqodirlar bilan birga ishlab malakasini oshirgan. Kalontarov uyi (1894), bogi baland masjidi (1900), Xo’ja Nisbatdor masjidi (1901), Shayboniyxon masjidi, Xushvaqtboy uyi (Samarqand viloyatida) va boshqalarni bezashda qatnashgan. Davlat va xususiy uylar qurilishida ishtirok etib, ularni ganch o’ymakorligi bilan bezadi: Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi binosi (1940), Muqimiy teatri (1942-43), Navoiy teatri (1947) va boshqalar. G’afurov Sherdormadrasa toqilarini tiklashda (1926), Ulug’bek madrasasining shimoliy-sharqiy minorasi muqarnaslari (1932), Tillakori madrasa, Shohizinda ansambli (1934-45), Amir Temur maqbarasi (1943-45), Shahrisabzdagi ko’k gumbaz masjidi, gumbazi Sayidon (1954-55) va boshqa me’moriy obidalarni ta’mirlashda faol ishtirok etgan. U yaratgan ulgi, axta, andazalar va ishlaridan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi.