GAGRA

GAGRA — Gruziyaning Abxaziya Respublikasidagi shahar. Qora dengiz bo’yidagi port. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 26,6 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Dengiz bo’yi iqlimiy va balneologik kurort. Yozi issiq (avgustning o’rtacha temperaturasi 23°), qishi yumshoq (yanvarning o’rtacha temperaturasi 6°), yiliga 1400 millimetrgacha yog’in tushadi. Aerogeliotalassoterapiya va vodorod sulfidli suv bilan davolash yo’lga qo’yilgan. Nafas yo’llari, qon aylanish organlari, nerv sistemasi davolanadi. Sanatoriylar, dam olish uylari, pansionatlar, turbaza bor. May oyidan oktabrgacha dengizda cho’milish mumkin. Oziq-ovqat sanoati korxonalari (go’sht kombinati, sut, vino, baliq zavodlari) va kurortga xizmat qiluvchi korxonalar bor.