GAVGAMELA JANGI

GAVGAMELA JANGI — Makedoniyalik Aleksandr boshchiligidagi yunonmakedon qo’shini bilan Doro Kodoman rahbarligidagi Axomaniylar qo’shini o’rtasida hozirgi Arbil (Iroq) yaqinidagi Gavgamela (hozirgi Tall-Gomel) qishlog’i yaqinida sodir bo’lgan jang (miloddan avvalgi 331 yil 1 oktabr). Doro qo’shini tarkibida forslar va yollanma yunon askarlaridan tashqari Baqtriya satrapi Bess qo’mondonligi ostida baqtriyaliklar, sug’diylar, hindlar bo’lgan. Bundan tashqari Doroning harbiy ittifoqchisi bo’lgan Mavak boshchiligidagi otliq, kamonchi saklar ham yetib kelib qo’shinning so’l qanotini egallaganlar. Arrioining bo’rttirib yozishicha, Doro qo’shinida 40 ming otliq, 1 millionga yaqin piyoda jangchi, 200 chalg’i o’rnatilgan jang aravasi va hindlar olib kelgan 15 ta fil bo’lgan. Aleksandr qo’shinida 7 ming otliq va 40 mingga yaqin piyoda jangchi bo’lgan. Jang otliq qo’shinlarning shiddatli muhorabasi b-n boshlangan. Unda saklarning qo’li baland kelgan, chunki ularning otlari zirxdi sovutpo’sh bilan muhofazalangandi. Biroq makedon qo’shinining qulay joylashganligi va forslarning Doro boshchiligidagi markaziga bergan qaqshatqich zarbasi natijasida Doroning sarosimaga tushib jang maydonini tashlab qochganligi jang taqdirini Aleksandr foydasiga hal qilgan.