GAVHAR

GAVHAR — qimmatbaho tosh; brilliant, javohir; sun’iy usulda qirralangan, tarashlangan va sayqal berilgan olmosning xalqtilidagi nomi. Tomonlari 6, 8, 12, 16, 24, 36, 48 va undan ko’p qirrali bo’ladi. Qirralariga tushgan nur turli ranglarga parchalanishi tufayli Gavhar kamalakdek tovlanadi. Zirak, uzuk, shoda, to’g’nog’ich kabi ziynat buyumlariga ishlatiladi. Yirik Gavharlar asrlar bo’yi saqlanib, ko’pincha ularda qaysi yili kimning qo’liga tushganligi va qaerda saqlanganligi yozilgan bo’ladi. Bunday Gavharlar tarixiy ahamiyatga ega bo’lib, maxsus ro’yxatga olinadi. Xalq tilida dur, marvarid va boshqa qimmatbaho toshlar ham Gavhar deb yuritiladi.