GAVHARSHOD BEGIM

GAVHARSHOD BEGIM, Gavharshod og’a (1379-1457) — Shohruxning xotini. Janglardan birida Chingizxonni o’limdan saqlab qolgan mulozim qishlik avlodi — chig’atoiy zodagon G’iyosuddin tarxonning qizi. 1393 yil Shohruxga tekkan, undan uch o’g’il (Ulug’bek, Boysung’ur, Muhammad Jo’qi) va ikki qiz ko’rgan. Shohrux davlatni idora qilishdan ko’ra ko’proq toat-ibodat, diniy kitoblar mutolaasi bilan mashg’ul bo’lmoqni Afzal ko’rganidan, avval unga devon ishlarini boshqarishni, so’ng viloyat hokimlari va qo’shin sarkardalarini tayinlash, hatto kimga qanday in’omu, kimga qanday jazo berish huquqini ham topshirib qo’ygan. Masalan, 1440 yil mashhur tarixchi — Fasih Ahmad Xavofiy Gavharshod begimning buyrug’i bilan ikki marta zindonga tashlangan. Gavharshod begim saltanat taxtiga valiahd tayinlash borasida ham o’z ixtiyori bo’yicha ish tutib, Shohruxning Muhammad Jo’qini taxt vorisi qilib tayinlash niyatida ekanligiga qaramay, nabirasi Alouddavlani valiahdlikka munosib ko’radi. Chunonchi, u 1444 yil, Shohrux og’ir betob bo’lib qolganda maxfiy farmon bilan Alouddavlani valiahdlikka tayinlaydi. Ammo, Shohrux tez kunda shifo topib, uning bu rejasi amalga oshmay qoladi. Gavharshod begim Qazvin, Ray, qum viloyatlari hokimi — nabirasi Sulton Muhammad Hamadon va Isfahonni egallab, Sherozni qamal qilganda (1446) Shohrux bilan birgalikda unga qarshi qo’shin tortadida, Sulton Muhammadni isyonga undagan amaldorlar qatorida bir necha sayyidlarni ham qatl etmoqni Shoxruxdan qattiq talab qiladi. Shunda Shohrux uning so’ziga kirib, hatto Amir Temur ham qatl etmoqqa jur’at qilmagan sayyidlarni o’limga buyuradi. Sayyidlar dor ostida turib Shohruxni duoi Bad qiladilar. Keyin, Shohrux Sherozdan Hirotga qaytayotib yo’lda to’satdan vafot etadi (1447 yil 12 mart).Davlatshoh Samarqandiy Shoxruxning o’limi va uning avlodlarining tez orada qirilib ketganini mazkur sayyidlarning qarg’ishi bilan bog’laydi. Shundan so’ng Gavharshod begim qo’shin qo’mondonligini nabiralaridan biri — Abdullatifga topshirib, Alouddavla Mirzoga Hirot mudofaa inshootlarini mustahkamlash zarurligi haqida maxfiy maktub yo’llaydi. Bundan ogoh bo’lgan Abdullatif buvisi Gavharshod begimni hibsga olib, otasi — Ulug’bekka bobosi Shohruxning vafot etgani xususida xabar jo’natadi. Natijada Temuriylar o’rtasida taxt uchun kurash boshlanib, Sulton Abu Sayd Hirotni egallaydida, Gavharshod begimni qatl qiladi. Gavharshod begim Boysung’ur daxmasiga dafn qilingan. Ad.: Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.