G’AZNAVIYLAR

G’AZNAVIYLAR — Xuroson, shimoliy Hindiston hamda qisman Movarounnahr va Xorazmda hukmronlik qilgan turkiy sulola (962-1186). G’aznaviylar davlatini boshqargan. Sulolaga Somoniylar lashkarboshisi Attegin asos solgan. Sulola nomi davlat poytaxti G’azna shahridan olingan. Somoniylar davrida mamlakatning siyosiy hayoti va harbiy qo’shinda turk g’ulomlari katta rol o’ynagan. Somoniy amirlari ko’plab turk g’ulomlarini saltanatga qilgan xizmatlari evaziga siylab, ularni turli viloyatlarga noib qilib tayinlashgan. Iqtidorli lashkarboshi Alptegin G’azna va Kobul viloyatlarini 962 yildan mustaqil boshqarishga intilgan. Alpteginning o’limi (963) dan so’ng o’g’li Ishoq va g’ulomi Bilgategin, shuningdek, Piritegin hukmronlik qilgan davr (963-977 yillar)da G’aznaviylar mulki kengaymay turgan. Alpteginning kuyovi va sobiq g’ulomi Sabuktegin hukmronligi davrida (977-997) esa G’aznaviylar sulolasi mustaqil siyosiy kuch sifatida Somoniylar tomonidan e’tirof etilgan. Sulola shuhratini Sabukteginning o’g’li Mahmud G’aznaviy eng yuqori cho’qqiga ko’targan. Sulola hukmdorlari avval Amir, so’ngra Sulton (Mahmud G’aznaviydan boshlab) va shoh (Bahromshohdan boshlab) deb atalganlar. G’aznaviylar hukmdorlari quyidagilardan iborat bo’lgan: Alptegin (962-963), Ishoq (963-966), bilgategin (966— 972), Piritegin (972— 977), Sabuktegin (977-997), Ismoil (997-998), Mahmud G’aznaviy (998-1030), Muhammad (1030), Mas’ud G’aznaviy (1030-41), Mavdud (1041-48), Mas’ud II (1048), Ali Abul Hasan (1048-49), Abdur Rashid (1049- 53). To’g’rul (1053), Farruxzod (1053-59), Ibrohim (1059-99), Mas’ud III (1099- 1114), Sherzod (1114-15), Arslon (1115- 18), Bahromshoh (1118-52), Xusravshoh (1152-60), Xusrav Malik (1160-86). Ad.: Bosvort K.E., Musulmanskie iiiastii, M., 1971; Stenli Len-Pul, Musulmanskie dinastii, M.-T.-Bishkek, 1996.