Geografiya

Geografiya (yunoncha ge-yer, grafo-tasvirlayman) — Yer yuzining tabiati va xo`jaligini o`rganadigan fanlar majmui. Antik dunyo olimlari yer yuzasining manzarasini geografiya so`zi bilan ifodalaganlar. Geografiya atamasini dastlab Eratosfen (miloddan avval 276-194-yillarda) ishlatgan. O`rta Osiyoda IX-X asrlardan boshlab geografiya so`zi ma’nosida «surati arz», «yetti iqlim», «Kitobi mamolik va masolik» («Mamlakatlar va masofalar kitobi») iboralari qo`llanilgan. XIX asrda va XX boshlarida o`zbek tilida geografiya «Jug`rofiya» shaklida yozilgan. 1940-yillardan geografiya shakli tarqaldi. Hozirgi davrda «Geografiya», o`rniga «Geografiya fanlari sistemasi» iborasini qo`llash ilmiy jihatdan to`g`riroqdir.

So`nggi yillarda geografiya geografik komplekslar haqidagi fandir degan tasavvur olg`a surilmoqda. Tabiiy hududiy komplekslar va hududiy ishlab chiqarish komplekslari geografiyaning eng muhim fundamental tushunchalaridir. Ularni har tomonlama tadqiq qilish geografiyaning mohiyatini tashkil etadi.

Hozirgi zamon geografiyasi geografik fanlarini butun bir sistemasidan iborat. Geografiya: 1) tabiiy yoki tabiiy geografik fanlar 2) ijtimoiy geografik fanlar — geografiya tarixi va geografiyaning tarmoqlari tarixi, iqtisodiy geografik fanlardan hamda 3) kartografiyadan tashkil topgan. Harbiy geografiya, tibbiyot geografiyasi, o`lkashunoslik, turizm, geografiya o`qitish metodikasi ham geografiya fanlari sistemasiga kiradi. Keyingi yillarda koinotni o`rganish rivojlanishi bilan selenografiya (Oy geografiyasi), kosmos yershunosligi kabi sohalar vujudga keldi. Yer sun’iy yuldoshlaridan turib yer yuzasining suratini olish va xaritasini chizish usullari ham yaratildi. Fan-texnika yuksak darajada taraqqiy etgan hozirgi davrda geografiyaning ijtimoiy roli yanada ortib, u konstruktiv geografiyaga aylandi. Konstruktiv geografiyaning eng asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: rivojlangan jamiyatning atrof muhitga bo`lgan ta’sirini o`rganish va tahlil qilish; tabiiy resurslarni, ayniqsa ularning yangi turlarini tobora tez sur’atlar bilan aniqlash, ularni baholash, ulardan foydalanish yo`llarini tadqiq qilish; ishlab chiqarish va aholi punktlarini oqilona rivojlantirish, joylashtirish hamda hududiy tashkil qilish masalalarini tadqiq etish; hozirgi zamon va kelajak texnika vositalari yordamida tabiiy hududiy komplekslarni tubdan oqilona rivojlanish, joylashtirish hamda hududiy tashkil qilish masalasini tadqiq etish; hozirgi zamon va kelajak texnika vositalari yordamida tabiiy hududiy komplekslarni tubdan oqilona o`zgartirish va sermahsul madaniy landshaftlar yaratish; yangidan-yangi hududiy ishlab chiqarish komplekslarini barpo qilish va ularni kompleks rivojlantirish muammolarini tadqiq etish.