GEOIQTISODIYOT
GEOIQTISODIYOT – davlatning xalqaro maydonda iqtisodiy strategiya va taktikasini shakllantiradigan amaliy faoliyatini o’rganadigan fan tarmog’i. Geoiqtisodiyot geosiyosat bilan uzviy bog’liq. Geoiqtisodiyot aniq bir sharoitlarda siyosiy, geografik, iqtisodiy, harbiy, ekologik va boshqalar omillar uyg’unligini tahlil qilish orqali xalqning turmush darajasi, mamlakatning ishlab chiqarish potentsiali, strategik zaxiralar, boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar kabi iqtisodiy omillarni ustivor o’rganadi. Shuningdek, demografik va ekologik omillar (aholi tarkibi va zichligi, uning o’sish sur’atlari, yer sayyorasining cheklangan resurslariga demografik bosim, xom ashyo zaxiralarining kamayishi va boshqalar) ni tadqiq etish ham Geoiqtisodiyot fani predmetiga kiradi. Bu jami omillarning amal qilishi va ta’siri mamlakatning geografik holati, uning tabiiy resurslari va iqlim sharoitlari bilan bog’liq holda o’rganiladi. Mamlakat taraqqiyoti ehtiyojlari va milliy-davlat manfaatlariga javob beradigan strategiyani ishlab chiqishda geosiyosiy va geoiqtisodiy omillar hisobga olinadi. Geoiqtisodiy siyosatdagi asoeiy masala jahon bozorlarida millin iqtisodiyotning raqobatbardoshliligini oshirishga imkon beradigan sharoitlar yaratishdan davlatning manfaatdorligi hisoblanadi. «Geoiqtisodiyot» atamasi birinchi marta AQShda 1980-yillar oxirida ilmiy muomalaga kiritildi. Bu tushunchaning «geosiyosiy iqtisodiyot», «xalqaro siyosiy iqtisod», «Siyosiy-iqtisodiy geografiya» va boshqa ta’riflari ham bor. Birinchi geoiqtisodiy tadqiqotlar 1920-30 yilda Yaponiya va Germaniyada paydo bo’ldi va bu tadqiqotlar shu mamlakatlarning hukmron doiralari tomonidan o’z hayotiy makopini kengaytirish va jahonga hukmronlik da’volarini asoslashga xizmat qildi. 1970-yillarda buyuk ikki davlat — SSSR va AQSh o’rtasidagi o’zaro ziddiyatlarning kuchayishi g.ning keyingi rivojlanishida yangi bosqich ochdi. Bu davrda Geoiqtisodiyot savdo urushlari, bozorlar uchun kurash; kapital va kishilarning mamlakatlararo ko’chishi bilan bog’liq bo’lgan to’siqlar; harbiy sarf-xarajatlar kjining o’sishi; byudjet taqchilligi; inflyatsiya va boshqa muammolar bilan shug’ullandi. Geoiqtisodiyot o’rganadigan muammolar doirasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar, markaz va chekka hududlar o’rtasidagi ziddiyatlarni ham qamradi. Mustamlakachilikdan ozod bo’lgan davlatlar yangi jahon iqtisodiy tartibini shakllantirishga harakat qildilar. Ular rivojlangan mamlakatlar bilan o’z munosabatlarida tub o’zgarishlarni amalga oshirish to’g’risida ko’pdan-ko’p takliflar bilan chiqdilar. Bu takliflarda rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o’sishini jadaldashtirish va resurslarni jahon xo’jaligining chekka hududlari foydasiga qayta taqsimlash masalalari kun tartibiga qo’yildi. «Sovuq urush»ning tugashi, sobiq Itgifoqning inqirozi bilan 1990-yillar boshlarida geoyosiy va geoiqtisodiy kuchlar nisbatlari va joylashuvi tubdan o’zgardi, jahonda ikki qutblilikdan ko’p qutbli dunyo sari harakat boshlandi. Hozirgi davrda AQSh hamon eng qudratli davlat bo’lib qolayotgan sharoitlarda jahon iqtisodiy rivojlani-shining asosiy yo’nalishi ko’pdan-ko’p iqtisodiy markazlarning yuzaga kelishidan, jahon iqtisodiy tizimining polinentrizmga o’tishidan va ayni paytda yangi geoiqtisodiy ziddiyatlarning yuzaga kelishidan (masalan, Kaspiy dengizi nsfti masalasida Ozarbayjon, Qozog’iston, Eron, AQSh, Turkiya manfaatlari to’qnashuvi) iborat. Ekspertlarning ma’lumotlari bo’yicha 21-asrda jahon iqtisodiy tizimi 6 asosiy markaz — AQSh, Yevropa, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Hindiston, shuningdek, ko’pgina o’rta va kichik davlatlardan tashkil topadi. Jahon iqtisodiyotidagi bu yo’nalishga ta’sir ko’rsatadigan muhim geoiqtisodiy omil — globallashuv jarayonlaridir. Milliy iqtisodiyotlar o’rtasida o’zaro aloqadorlik va bog’diqlikning kuchayishi, xo’jalik integratsiyasi iqtisodiy taraqqiyotning turli bosqichlarida ko’plab davlatlar va mintaqalarni turli darajadagi jadallikda sivilizatsiya taraqqistining umumiy oqimiga tortadi. Ularning soni tobora ortib boradi. Ko’pgina mamlakatlarda iqtisodiy va siyosiy hayotda yuz berayotgan erkinliklar yagona jahon iqtisodiy, axborot, kommunikatsion va madaniy makonning shakllanishi imkoniyatlarini ochadi. Geoiqtisodiyotda hukumatlar bilan bir qatorda, transmilliy korporatsiya (TMK) va transmilliy banklar (TMB), xalqaro moliyaviy tashkilotlar faoliyati ham muhim rol o’ynaydi. TMK va TMB — bir tomondan ilg’or texnologiyalar, boshqaruv, ishlab chiqarishni tashkil qilishning yangi shakllarining qaror topishiga, mamlakat iqtisodiy rivojlanishi sur’atlari va darajasini ko’tarishga yordam beradi. Ikkinchi tomondan, ular ko’pincha bu mamlakatlarning rivojlanishida nomutanosiolikni kuchaytiradi, chunki ular birinchi navbatda, asosan, chet el kapitali va tashqi bozorga mo’ljallangan ayrim tarmoqlar va korxonalarni rivojlantirishga yordam ko’rsatadi. 21-asr boshida O’zbekiston Respublikasining rivojlanish strategiyasini shakllantirish uning geosiyosiy va Geoiqtisodiy manfaatlariga asoslanadi. Geoiqtisodiy muammolarni hal qilishda qo’shni mamlakatlar bilan mustahkam iqtisodiy integrasiya birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Yevropa va Osiyodagi mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy va tashqi savdo aloqalarini yanada rivojlantirish, O’zbekistonning to’la ququqli a’zo sifatida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lib kirishi ham muhim o’rinda turadi. Ad.: Karimov I. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida. Xavfsizlikka taxdid, barqarorlik sharglari ia taraqqiyot kafolatlari, T., 1997. Sharafiddin Qobilov.