Geologiya

Geologiya (yunoncha ge — yer, logos — fan) — Yerning tarkibi, ichki tuzilishi, tarixiy rivojlanish qonuniyatlari, cho`kindi va magmatik jinslar bilan bog`liq bo`lgan konlar va yer osti suvlarining paydo bo`lishi, shuningdek yerda bo`ladigan turli geologik jarayonlarni o`rganadigan fan. Yaqin yillargacha geologiya faqat foydali qazilmalarni izlash bilan shug`ullangan bo`lsa, hozir geologik xulosalarsiz yirik sanoat inshootlari — zavod, fabrika, temir yo`l, gidrostansiya va ulkan suv omborlarini qurish mumkin emas. Yer po`stidagi jarayonlar uni tashkil etuvchi moddalarning bir-biri bilan reaksiyaga kirishishi natijasida sodir bo`lib, yer yuzasida zilzilalar, vulkanlar, burmalanish jarayonlari tarzida namoyon bo`ladi. Geologiya fani bir-biriga bog`liq bir necha sohalardan — petrografiya, litologiya, mineralogiya, kristallografiya, geokimyo, metallogeniya, gidrogeologiya, geomorfologiya, dinamik geologiya, muhandislik geologiyasi, geotektonika, vulkanologiya, geofizika, seysmologiya, tarixiy geologiya, stratigrafiya, paleontologiya va amaliy geologiyadan iborat.