Gimnasiy
Gimnasiy (yunoncha gymnasion)-Qadimgi Yunoniston shaharlari va ellinistik Sharqda davlat o’quv-tarbiya muassasasi. Gimasiylarning paydo bo’lgan vaqti haqida aniq ma’lumot yo’q. Miloddan avvalgi V-IV asrlarda keng tarqalgan. Gimasiy avval jismoniy mashqlar bilan shug’ullaniladigan maskan sanalgan. Keyinchalik yoshlarning musiqiy (aqliy va estetik) hamda gimnastik (axloqiy va jismoniy) rivojlanishini ta’minlovchi, ayni paytda, bir-birlari bilan muloqotda bo’lish markaziga aylangan. Gimasiy davlat nazoratidagi maktab bo’lgan. Unda zodagon quldorlar oilasining palestra (Yunonistondagi 12-16 yoshli bolalarning gimnastika maktabi)ni tugatgan 16 yoshli farzandlari qabul qilingan. Ular Gimasiyda 18 yoshgacha gimnastika bilan shug’ullanishgan hamda adabiy, falsafiy va siyosiy ta’lim olishgan. Gimasiyda ta’lim olayotgan bolalarning qanchalik chiniqqan, chidamli, sog’lom, jismonan va ruhan baquvvatligi davlat tomonidan nazorat qilingan. Falsafa, adabiyot, siyosatga doir bilimlarni mamlakatdagi taniqli kishilar olib borishgan. Gimasiylar ichida Platon o’z shogirdlari bilan suhbat o’tkazgan Akademiya va Aristotel tashkil etgan Likey mashhur bo’lgan Gimasiyni tugatgan yigitlar efebiya maktabida harbiy bilim olishgan.