Gobelenlar qachon paydo bo’lgan?
Dastlab qo’lda to’qilgan turli-tuman tasvirlar tushirilgan gilamlarni gobelenlar deb atashardi. Darvoqe, ularning paydo bo’lishi o’rta asrlarga taalluqlidir. Shpalerlardan farqli o’laroq rasmlar gobelenga to’qib tushirilmasdan, balki kashtachilik vositasida tikilgan. Ancha dong’i ketgan gobelenlardan biri 1066 yilda, ya’ni Fotih Vilgelm Angliyani bo’ysundirgandan keyin yaratilgan edi. Mazkur g’alabani abadiylashtirish maqsadida uning qarindoshlaridan biri gobelenga kashta solishga buyurtma beradi. U tarixga Vaueix gobeleni sifatida kirgan. Bu narsa uzunligi 70 metr bo’lgan maxsus mato edi. Unga Vilgelm g’alabasi tarixidan hikoya qiluvchi 72 dona mahorat bilan kashtalangan manzarali sahnalar joylashtirilgandi. Suvratlardan har birining ostidagi lotincha tagso’zlar bo’lib o’tayotganlarni anglatadi va lashkarboshining azimatini madh etadi. Gobelen tez orada feodal qo’rgonlar ichki bezaklarining asosiy unsurlaridan biriga aylandi. Bunga odmilik (shpaler to’qiladigan uzoq vaqtga nisbatan olganda), shuningdek birmuncha past qiymat sharoit yaratdi. Gobelen to’qish san’atining haqiqiy ravnaqi barokko davrida boshlanadi. Bu davrda o’nlab mohir ustalar mehnat qiladigan bir talay ustaxonalar ochiladi. Eng yiriklaridan biri hozir ham ishlab turgan Parij manufakturasi edi. U shahar yaqinidagi Sen-Marselda 1662 yili bir qancha qirollar saroylariga xizmat ko’rsatish maqsadida ta’sis etilgandi. XV asrdan beri mashhur bo’yoqchilar gobelenlar (Cobellens) ning ustaxonasi uning negiziga aylanib, sulolaning nomi manufakturaga ham, unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotga ham beriladi. Gobelenlarga rangli jun va ipak (ba’zan oltin va kumush) iplar-qatimlar bilan manufaktura boshqaruvchisi Sh. Lebrenning, XVIII asrda esa F. Bushe, J. B. Udri va boshqa rassomlarning rasmlari-kartonlariga ko’ra kashta solinar edi. Gobelenlar maxsus qo’l dastgohlarida alohida-alohida qismlar tarzida to’qilar, shundan so’ng ipak qatim-ip bilan kashtalash asnosida yaxlit holga keltirilar edi. Gobelenlarning o’ziga xos xususiyati — ustki tomonining qatimlar bilan asosi hosil qilinadigan taram-taram yuzasi, va teskari tomonining tirtiqlar va arqoq iplardan tashkil topadigan notekis yuzasidir. Bitta gobelendagi bo’yoqlar va ranglarning miqdori bir necha mingga yetishi mumkin. XVII—XVIII asrlar gobelenlarining yuksak badiiy layoqati shu qadar dong taratdiki, ularga taqlid asnosida shpallerni ham, XIX asrda esa hatto mashinada yo’rmalangan halin to’qimali matolarni ham gobelen deb atay boshladilar. 1930-yillarning oxirlari — 40-yillarning boshlarida gobelen san’ati Obyusson ustaxonalarida yangicha badiiy asosda qayta tiklandi. Biroq, endilikda ularni yangi materiallar va devorbop gilamlar tayyorlashni eslatuvchi texnikadan foydalanish, ancha yo’g’on iplarni ishlatish va ranglar miqdorini 40 taga qadar qisqartirish asnosida to’qiy boshladilar. XX asrning talay yirik musavvirlari: A. Matiss, F. Leje, Le Korbyuze, J. Pikar-Ledular o’sha kezlarda gobelenlar uchun rasmlar ishlashgan edi. Ushbu qadimiy san’at hozir ham avji ravnaqda. Shunday bo’lsa-da, zamonaviy gobelenlarga yanada erkin kompozisiya, sintetik qatimlardan foydalanish xosdir. Gobelenning shunday maroqli tarixi bor ekan.