GO’SHT PASHSHALARI

GO’SHT PASHSHALARI — ikki qanotli hasharotlarning yig’ma guruhi, ko’k Go’sht pashshalari (Calliphoridae) va kulrang Go’sht pashshalari (Sarcophagidae) oilalarini o’z ichiga oladi. Ko’k Go’sht pashshalarining tanasi yaltiroq-yashil yoki ko’k, yaltiroq-qoramtir tuklar bilan qoplangan. Har xil joylarda, jumladan hayvonlar tezagi, axlatxonalarda uchraydi. Ayrim sinantrop (odamlar yashaydigan joylarda yashovchi) turlari kasallik tarqatadi yoki terida yara paydo qiladi. Qurtlari hayvonlar o’limtigi, kushxonalar va oziq-ovqat chiqindilarida, go’ng va axlatda ko’payadi. Kulrang Go’sht pashshalarining tanasi yirik tuklar bilan qoplangan. Go’sht pashshalarining 2500 ga yaqin, jumladan O’zbekistonda 150-170 turi ma’lum. Tirik tug’adi. Qurtlari hasharotlar va umurtqali hayvonlarda parazitlik qiladi yoki ularning o’limtigi bilan oziqlanadi. Bir qancha turlari nashtarli pardaqanotlilar inida yashab, ular g’amlagan oziqni eydi. Kulrang Go’sht pashshalaridan Volfart pashshasi ko’pchilikka ma’lum.