G’O’ZA POYA KUYASI

G’O’ZA POYA KUYASI — o’yiqqanotli kuyalar oilasiga mansub tur. Kapalaklarining qanoti yoyilganda 17 millimetrcha; old qanotlari och jigarrang, orqa qanotlari esa qo’ng’irroq kulrang bo’lib, uzun hoshiyalar bilan o’ralgan. Qurti xira oq rangda, uzunligi 11 millimetrcha, boshi qoramtir, qalqoni birinchi bo’g’imda. G’umbagi jigarrang, tanasining oxirgi qismida uchi qayrilgan kalta, yo’g’on tikani bor. Zararlangan o’simlik poyasila qurt holida qishlaydi. Kech ekilib, zaiflashgan va o’sishdan orqada qolgan g’o’zalarda, yovvoyi gulxayri chakalaklarida uchraydi. Zararkunanda O’rta Osiyoda 2 bo’g’in beradi. Birinchi bo’g’in ariq bo’yi va daryo qirg’oqlarida o’suvchi gulxayri poyasining uchki qismida rivojlanadi. Ikkinchi bo’g’inning rivojlanishi may—iyul oylari g’o’zaning shonalash va gullash davriga to’g’ri keladi. Urg’ochisi g’o’zaning uchki qismlariga bittadan tarqoq holda tuxum qo’yadi. Tuxumdan chiqqan qurtlari poyani teshib (5 — 9 santimetrgacha) kiradi. O’simlikning zararlangan uchki qismi quriydi va u shoxlab ketadi. kuyalar, ayniqsa, rivojlanishdan orqada qolgan dalalarga zarar yetkazadi. Kurash choralari: kuyalarning birinchi bo’g’ini g’umbakka aylangunga qadar atrofdagi gulxayrilarni o’rib, yoqib yuborish; tunlamlarga qarshi qo’llanadigan kimyoviy vositalardan foydalanish.