«G’OZG’ONMARMAR» AKTSIYADORLIK JAMIYATI

«G’OZG’ONMARMAR» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — tabiiy tosh (marmar)dan qurilishda ishlatiladigan qoplama-pardozlash plitalari ishlab chiqaradigan yirik korxona. «O’zqurilishmateriallari» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Navoiy viloyati Nurota tumani G’ozg’on shaharchasida joylashgan. 1969 yilda tashkil topgan. Respublikadagi eng katta marmar konlaridan biri bo’lgan G’ozgon marmar koni negizida ishlaydi. Korxonaning yillik marmar plitalari ishlab chiqarish quvvati 60 ming metr kvadrat. 2000 yildan marmar plitalari Italiyaning «tema frugoli» firmasidan keltirilgan dastgohlar yordamida ishlab chiqarilmoqda. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 2004 yilda 13,5 ming metr kub marmar bloklari qazib olindi (konning zaxirasi 7576,0 ming metr kub). G’ozg’on marmari juda xilma-xil rangli ko’rinishga ega. Korxonada ishlab chiqarilgan marmar plitalari Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev va boshqa shaharlar metropoliteni, ko’plab me’morlik inshootlari qurilishida ishlatilgan. Korxonada ishlab chiqarilgan marmar mahsulotlari ichki bozorda sotiladi, shuningdek, Rossiya, Afg’oniston va Qozog’istonga eksport qilinadi.