G’URAK

G’URAK, Gurek (7-asr oxiri—taxminan 737) — Sug’d ixshidi (podshosi) (710-737) va arablarga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon rahbari. Tarxunsh birodari. Qutayba ibn Muslim rahbarligidagi Arab qo’shini bilan Kattaqo’rg’on yaqinidagi Arbinjon mavzeida shiddatli jang qilgan (712). Sug’diylar Samarqandga chekinishga majbur bo’lishgan. G’urak Shosh podshosi, turklar xoqoni va Farg’ona ixshidiga elchilar yuborib, yordam so’ragan. Ammo Qutayba G’urakka yordamga kelayotgan turk xoqonining qo’shiniga qo’qqisdan hujum qilib tor-mor keltirgan va Samarqandni qamal qilgan. Bir oylik qamaldan so’ng Samarqand taslim bo’lgan. G’urak bilan Qutayba o’rtasida sulh tuzilgan. Unga ko’ra, G’urak arablarga bir yo’la 2 ming, yiliga esa 200 ming dirham hisobida xiroj to’lashi, 30 ming nafar odam berishi, shaharda birorta ham askar saqlamaslik, ichki shaharni bo’shatib, unda minbari bilan masjid bino qilishi, otashparastlik ibodatxonasini buzib, butlarini topshirish kabi shartlarni bajarishi lozim bo’lgan. Bularning evaziga Qutayba G’urakni Samarqand, Kesh va Nahshabga hokim etib tayinlaydi. Shunday qilib, u arablarga mute noib bo’lib qoladi. 720 yil Sug’d aholisi Arab istilochilariga qarshi qo’zg’olon ko’targan, unga G’urak va Panjikent hokimi Devashshich boshchilik qilgan. G’urak Xitoy imperatoriga xat yozib harbiy yordam so’ragan, biroq yordam kelmagan. Xuroson noibi Sa’id Xarashiy bosh bo’lgan arablar qo’shini qo’zg’olonni bostirish uchun ko’p kuch sarflagan. Sa’id Xarashiyning qo’zg’olonchilar bilan olib borgan muzokaralari natijasida G’urak boshliq Sug’d zodagonlarining bir qismi arablar tomonga o’tgan. Kuchlar bo’linib ketgach, Xo’janddagi jangda qo’zgolonchilar engilgan. Sulh tuzilgach, katta mablag’ evaziga omon qolgan. 400 savdogardan tashqari, deyarli barcha qo’zg’olonchilar xiyonatkorona qirib tashlangan. Taxminlarga ko’ra, G’urak arablarga qarshi yurishlarning birida halok bo’lgan. Manba: Istoriya atTabari, T., 1987. Ad.: Samarqand tarixi, 1-j., T.. 1971. Mahfuza Alimova.