Habibiy
Habibiy (taxallusi; asl nomi Zokirjon Xolmuhammad o’g’li) (1890, Paxtaobod tumani Qo’qon qishlog’i — 1980.16.4, Toshkent) — O’zbekiston xalq shoiri (1974). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1970). Qo’qon va Andijondagi madrasalarda tahsil ko’rgan. Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat asarlarini mutolaa qilib, aruz vaznining badiiy latofati va boy imkoniyatlarini qunt bilan o’rgangan. Habibiyning g’azalnavislik ijodi mazkur adabiy muhitda shakllanib borgan. Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik ishlari boshlanishi bilan Habibiy safdoshlari Bokiy, Mahjuriy, Anisiy va Sayfiy bilan birga Navoiy komiteti tomonidan taklif etilib, Toshkentga ko’chib kelgan (1938). G’.G’ulom, H.Olimjon, S.Abdulla, S.Mirzaev, S.Mutallibov singari allomalar bilan birga Navoiy adabiy merosini o’rgangan. Habibiy 1939 yilda Farg’ona kanali qurilishiga shoir sifatida safarbar etilgan. Shu vaqtdan boshlab uning g’azallari respublika davriy matbuotida e’lon qilinib, mashhur hofizlar tomonidan ijro qilina boshlagan. O’z g’azallari hamda mumtoz adabiyot va musiqa sohasidagi bilimi bilan hurmat qozongan Habibiy 1940 yilda Yangiyo’lda tashkil etilgan viloyat musiqali drama va komediya teatriga adabiy emakdosh etib tayinlangan va 1946 yilga qadar shu lavozimda xizmat qilgan. «Mehnat qo’shiqlari», «yangi yallalar» (1949), «Kolxozchilar ashulasi» (1951), «ko’ngil taronalari» (1957), «zamon Farhodlari» (1959), «tanlangan asarlar» (1967), «Devon» (1971), «Navro’zi olam» (1973) va boshqa she’riy to’plamlar muallifi. Habibiy ijodida sevgi va vafo, Vatanga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hamda sadoqat g’oyalari ustuvorlik qiladi. Habibiy mumtoz o’zbek she’riyati va, ayniqsa, musiqasini nazar-pisand qilmaslik, hatto feodal davrlarning sosializmga yot merosi sifatida rad etish hollari avj olgan zamonlarda Navoiy, Muqimiy singari mumtoz shoirlarning hayotbaxsh an’analarini izchil davom ettirgan. Habibiyning adabiy merosi mumtoz o’zbek adabiyotining g’azal, murabba, muxammas, musaddas, ruboiy, tuyuq, qasida va doston singari janrlarida yozilgan 40 mingdan ziyod baytdan iborat. Uning 300 dan ziyod g’azallariga kuy bastalangan bo’lib, ularning aksari hozir ham ijro etiladi. Habibiy Toshkentning Kamolon qabristoniga dafn etilgan. Toshkent, Andijon shaharlari va Paxtaobod tumanidagi ko’chalar Habibiy nomi bilan ataladi. Paxtaobod tumanida Habibiy uy-muzeyi barpo etilgan. As: Devon, 2-nashri, T., 1975. Ad.: Nosirov O., O’zbek adabiyotida gazal, T.. 1973; Otajon U., Ustozlar xotirasi, T, 1998. Naim Karimov.