Haqqulobod
Haqqulobod — Namangan viloyati Norin tumanidagi shahar (1974 yildan), tuman markazi. Viloyatning sharqida. Temir yo’l stantsiyasi. Viloyat markazi (Namangan shahar) gacha 40 kilometr. Aholisi 27,5 ming kishidan ziyod (2005). «Norintola» paxta tozalash zavodi, non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, yigiruv-to’quv, tikuvchilik fabrikalari, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, kichik, o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. To’qimachilikka ixtisoslashgan O’zbekiston—Litva «Klay- Natekstil», «Haqqulobodpik» qo’shma korxonalari ishlab turibdi. Milliy hunarmandchilikning kosibchilik, zardo’zlik va boshqa sohalari rivojlangan. 6 umumiy ta’lim maktabi, aniq fanlar va ingliz tiliga ixtisoslashgan internat maktabi, 2 kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kutubxonasi va uning 4 shoxobchasi, bolalar kutubxonasi, klub muassasalari, «shodlik» stadioni mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, bolalar kasalxonasi, kattalar va bolalar poliklinikalari, o’smirlar stomatologiya poliklinikasi, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Shahar hududidan Andijon — Toshkent temir yo’l o’tadi. Haqquloboddan Namangan, Andijon, Marg’ilon, Uchqo’rg’on va viloyatning boshqa yirik shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.