Harbiy kiyimlar
Harbiy kiyimlar — harbiy xizmatchilarning harbiy kiyim formalari. Harbiy kiyimlarga (belgilangan namunalariga ko’ra) odatda quyidagilar kiradi: ustki kiyimlar (shinel, bushlat, plashch, mundir, kitel, kalta paxtali kamzul, tujurka. shim va boshqalar); bosh kiyimlar (telpak, popoq. soyabonli va soyabonsiz furajka); ustki ko’ylak, galstuk, sharf. qo’lqop; poyabzal (etik. botinka): kamar. aslaha-anjomlar. Harbiy unvon belgilari harbiy kiyim formalarining majburiy elementi hisoblanadi. Harbiy kiyimlar elementlari dastlab qadimgi dunyo (Misr, Ossuriya. Eron, Yunoniston) armiyalarila paydo bo’lgan. Qadimgi Rim armiyalarida Harbiy kiyimlar birmuncha takomillashgan. O’rta asrlarda Yevropada Harbiy kiyimlar vujudga kelmagan. 15— 17-asrlarda muntazam armiyalar yuzaga kelishi bilan bir xil rangdagi Harbiy kiyimlar paydo bo’la boshlagan. O’rta Osiyo xalqlarining harbiy kiyimlari haqidagi dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 6-5-asrlarga oid bo’lib, arxeologik, adabiy (masalan, Avesto) va tasviriy san’at manbalarida uchraydi. Harbiy kiyimlar o’sha davrda kundalik kiyimlardan deyarli farq qilmasdan, asosan, tizzaga tushadigan uzun yengil ko’ylak, chakmon, uzun cholvor, kamar (ko’pincha metall qoplangan) va telpakdan iborat bo’lgan. Miloddan avvalgi 4-asrgacha O’rta Osiyo xalqlari o’zlarining qo’shnilari (sarmatlar, hunlar va boshqalar) kabi forslar, skiflardan farq qilib. Metal qoplamali kiyimlardan kam foydalanishgan. Miloddan avvalgi 3-asrlarda jangchilar to’g’ri burchakli metall plastinkalardan qilingan uzun sovut, dumaloq shaklla, ko’z atrofi yoysimon kesilgan dubulg’a kiyishgan. otlarga mayda metall plastinkalar tikilgan yoping’ichlar yopilgan. Kushon podsholigining yengil qurollangan qo’shinlari jangda ensiz uzun yengli, tizzaga tushadigap ko’ylak, keng cholvor, chakmon, past poshnali yumshoq etik kiyishgan, kamar taqib, boshiga bog’ich bog’lab olishgan. Bu davrda uzun sovutlar va etiklar teriga metal plastinkalar tikib tayyorlangan. Keyinchalik tangasimon metall parchalaridan yumshoq narsaga tikilgan yoki o’zaro birlashtirib tayyorlangan yengil sovut keng tarqalgan. Kushon dubulg’alari bo’laklarga bo’linishi, soyaboni va quloqpo’shi bilan o’zidan oldingilardan farq qilgan. Turk xoqonligi vujudga kelgach (6-asr), Harbiy kiyimlar keng yoqali uzun chopon, keng qo’njli etik, turli taqinchoqlar taqilgan kamar, kamzul tipidagi yoqali sovut, namat qalpoqlar paydo bo’ldi. 6-8-asrlarda O’rta Osiyoda Harbiy kiyimlarning o’ziga xos kompleksi: yoqasi beligacha ochilgan uzun ko’ylak, yengi tirsakkacha bo’lgan ensiz uzun chopon, cholvor, baland poshnali etik. Turli qurollar taqilgan kamar, yelkalari keng sovut va bo’yin, yelka, ba’zan yuzni ham yopib turadigan sim to’rli, uchi o’tkir dubulg’a yuzaga kelgan. Amir Temur davlatida (14-asrning 2-yarmi — 15-asr boshlari) Harbiy kiyimlar jihatdan mukammallashtirilli: old tomoni 2 qosh o’rtasidan burun ustigacha tushirilgap uchi o’tkir quloqchinli dubulga, tirsakkacha kiyilaligan qo’l qalpoqchalari. qavima chopon keng rasm bo’lgan. 15-asrda tutmachali, oldi ochiq kalta yengli kamzul Harbiy kiyimlarning asosiy turi bo’lgan, 16-17-asrlarda u kattalashtirilib, kamzul xoliga ksltirilgan rangdor keng cholvor, baland poshnali qora etik kiyilgan. 18-19-asrning 1-yarmida o’zbek xonliklaridagi an’anaviy Harbiy kiyimlar yaltiroq chopon, qimmatbaho materiaddan tikilgan cholvor, sallali qalpoq, yumshoq telpak, turli metall taqinchoqlar taqilgan kamar, baland poshnali etik va boshqalardan iborat bo’lgan. Xiva xonligida qora chopon bilan Chugurma ham kiyilgan. Bulardan tashqari, ba’zan, bezatilgan sovut, dubulg’a, tirsakkacha kiyiladigan qo’l qalpoqchasi, qalqon ham kiyishgan. 19-asrning 50-yillaridan Buxoro xonligida muntazam qo’shinlar bir xil shaklda uzun qaytarma yengli, jiyakli kalta qizil kamzul, jevachilar oq sallali qalpoq kiyishgan. 19-asrning 80-yillarida xonliklarning eski an’anaviy harbiy kiyimlari saqlanib qolgan edi: piyoda o’qchilar qaytarma yengli qizil chakmon, keng zangori cholvor, to’pchilar qizil yoqali zangori mundir kiyishgan; barcha qo’shinlarda salla qora telpak bilan almashtirilgan. Armiyadagi harbiy boshliqlar (ofitserlar) tizzaga tushadigan jiyakli chakmon, jiyakli cholvor kiyishgan, kumushdan yasalgan taqinchoqlari bo’lgan qimmatbaho kamar taqishgan. Oliy qo’mondonlik tarkibi qora duxobadan qilingan kamzullar kiygan. Kamzul zar ip bilan tikilgan. O’rta Osiyo hududining ancha qismi Rossiya imperiyasiga qo’shilgach, Buxoro va Xiva xonliklarida mahalliy Harbiy kiyimlar elementlari birmuncha saqlangan holda chor armiyasi harbiy kiyimlari joriy qilingan. Buxoro Amirligi armiyasida oddiy piyoda askarnikidan to’q-sabonikigacha bo’lgan Harbiy kiyimlar chor qo’shinlari Harbiy kiyimlariga o’xshash bo’lgan. Oliy qo’mondonlik tarkibining an’anaviy ko’rinishi (keng cholvor, tilla rang bezaklar tikilgan duxoba kamzul, tilla, kumush taqinchoqlar va popuklar taqilgan kamar)ni saqlab qolgan bo’lsada, kamzullarining bichimi chor armiyasi mundiriga o’xshash bo’lgan, pogonlar, epoletlar tikilgan, ordenlar taqilgan. Xiva xonligi chor armiyasidan faqat pog’onlarnigina qabul qilgan. Harbiy kiyimlar esa mahalliyligini saqlab qolgan. Sho’rolar davrida (1917-91) Harbiy kiyimlar mafkuraviy tamoyillarga asoslangan holda bo’lgan. Masalan, qizil armiya askarlari yulduzchali movut shlem, shinel, yashil rangli ko’ylak kiyishgan. 1972 yil yanvardan Sovet qurolli kuchlari yangi kiyim formasiga o’tgan (soldat va serjantlarga parad-chiqish Harbiy kiyimlari — ko’ylak va galstuk bilan ochiq mundir, shim va botinka); gimnastyorka yopiq dala kiteli bilan almashtirilgan. Quruqlikdagi qo’shinlar marshallari, generallari, ofitser va praporshchiklariga to’q zangori rangdagi yagona an’anaviy Harbiy kiyimlar tasdiqlangan. Harbiy-dengiz floti ofitserlari, michmanlari va praporshchiklariga yopiq oq va qora-ko’k kitel o’rniga oq ko’ylak va qora galstuk bilan kiyiladigan oq tujurka va ko’k kurtka belgilangan. 1972 yildagi harbiy parad ishtirokchilari — harbiy xizmatchilarga, shuningdek, faxriy qorovul rotalari shaxsiy sostaviga va Moskva garnizoni yig’ma orkestriga akselbantlar taqishga ruxsat berilgan. O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi qishki (palto, plashch, etik, telpak), kundalik kiyim (kitel, to’g’ri bichimli shim, mosh rangli ko’ylak, galstuk, furajka, tufli), bayram kiyimi (kitel, to’g’ri bichimli shim, oq ko’ylak, qora galstuk, furajka), dala kiyimi (paxtali kalta kamzul, kurtka, shim, kepka, kalta etik) bilan ta’minlangan.