Havo yostig’i
Havo yostig’i — mashina (masalan, avtomobil, teplovoz va boshqalar)ning asosi (tag sirti) bilan tayanch sirt (masalan, yer sirti, suv sirti) orasida, mexanizmlarning qo’zg’almas va qo’zg’aluvchan elementlari orasida hosil qilinadigan yuqori bosimli havo sohasi. O’zaro tutashuvchi ikki sirt orasidagi ishqalanish kuchini kamaytirish va tezlikni oshirish uchun qo’llanadi. Havo yostig’ini hosil qilishning statik va dinamik usullari mavjud. Statik usulda Havo yostig’i ventiyator yoki kompressor yordamida, dinamik usulda havo oqimining nisbiy tezligi hisobiga hosil qilinadi. Havo yostig’i hosil qilishning turli-tuman sxemalari yaratilgan. Shularning ichida kamerali, soploli, tirqishli va qanotli sxemalar ko’proq ishlatiladi. Havo yostig’ili kemalar, poezdlar (masalan, Yaponiyada), ekranoplan va boshqalar yaratilgan, lekin hali keng rasm bo’lganicha yo’q.