Haydarov Akbar
Haydarov Akbar, Akbarqori Hofiz (1893.1.5, Marg’ilon — 1964.13.2, Toshkent) — xonanda va sozanda (tanbur, dutor), O’zbekiston xalq hofizi (1939). Dastlab xonandalik yo’llarini hamda dutor chertishni otasi Haydar hofizdan o’rgangan; qorixonada qiroatni o’zlashtirgan, keyinchalik katta ashula yo’llarini tanbur chalish sirlarini o’rgangan. Toshkentda yashab, To’ychi Hofiz, Shorahim Shoumarov, Abdusoat Vahobov, Ryzqi va Yunus Rajabiylar va boshqalar bilan birga «Sharqiya» kechalari, turli kontsertlarda qatnashgan. 1927 yildan O’zbekiston radioqo’mitasida ashulachi va sozanda. Moskvada o’tkazilgan o’zbek san’ati dekadasi qatnashchisi, kata Farg’ona kanali, Farhod GES, Chirchiq, Angren shaharlari, Kattaqo’rg’on suv ombori quruvchilariga, 2 — jahon urushi davrida jangchilarga madaniy xizmat qilgan. 1930 yillarda Qayum Shobaratov bilan Toshkent o’rdasida «nafosat» choyxonasini tashkil qilib, bu erda mashhur Hofiz, sozanda va qiziqchilarning chiqishlarini uyushtirgan. Haydarov keng diapazonli, baland, nafis va tiniq «tenor» ovozga, ravon ijro uslubiga ega bo’lib, repertuaridan katta ashula («bir kelib ketsun», «yovvoyi Ushshoq», «adashganman», «Ey, chehrasi tobonim» va boshqalar), ashula («yo, hayot annabi», «Suvora», «Girya»), Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari («Bayot», «Ushshoq», «Farg’onacha Shahnoz») va boshqalar o’rin olgan I.Ikromov Haydarov uchun «Munojot», «Cho’li Iroq» kabi ashula yo’llarini yaratgan. U ko’p yillar davomida Turg’un Karimov bilan hamnafaslik qilgan. 1919 yil Haydarov ijrosidagi «Poezdingni jildirgan» qo’shig’i, 1930-50 yillarda ashula va yallalari gramplastinkaga, 1940 yillarda katta ashulalari V. Uspenskiy tomonidan notaga yozib olingan. Bahriddin Nasriddinov.