Haydarov Qodirjon
Haydarov Qodirjon (1899, Qo’qon — 1983.15.12) — yog’och o’ymakori, Qo’qon yog’och o’ymakorlik maktabining yirik vakili, ustazoda. O’zbekiston xalq rassomi (1963). O’ymakor usta Haydar Najmiddinovning o’g’li. Hunarni otasi bilan birga ishlab o’rgangan. Otasi bilan Qo’qon hunarmandlik maktabida dars bergan (1919-20-yillar), 1923 yilda Moskvadagi xalq xo’jaligi ko’rgazmasida ishladi; 1925-29 yillarda Qo’qondagi Narimonov nomidagi internatda, 1929— 31 yillarda Qo’qon shahridagi yosh duradgorlar to’garaklariga boshchilik qildi. 1931— 33 yillarda rabfakda o’qidi. «Yangi ma’dan» artelida usta (1936-54), Qo’qon muzeyida ta’mirlovchi usta (1954-57). Haydarov ustun, kursi, stol, xontaxta, quti, eshik, panjara, karavot va boshqa buyumlarni jozibador bezab shuhrat qozondi. 1958 yildan Toshkentdagi O’zbekiston xalqlari tarixi muzeyi va O’zbekiston Badiiy Akademiyasi Markaziy ko’rgazmalar zali eshiklari, Toshkent tsirki binosi uchun namoyonlar va boshqa ko’pgina o’ymakori asarlar yaratdi, an’anaviy naqsh mujassamotlarini yangi ohanglar bilan boyitdi. Haydarovning Qo’qon yog’och o’ymakorligi maktabining milliy an’analarini saqlab qolish va uni rivojlantirishda xizmatlari katta; ko’plab shogirdlar (X. Umarov, S. Ergashev, U. Umarov, A. Abdullayev va boshqalar) tayyorlagan. Haydarov asarlaridan namunalar Respublika va chet mamlakatlar muzeylari va xususiy to’plamlarda saqlanadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970). O’zbekiston ba Qo’qon tasviriy va amaliy san’at kollejiga Haydarov nomi berilgan. Ad.: Toqtosh R., Usta Qodirjon Haydarov. T., 2003.