Hayvonot bog’lari
Hayvonot bog’lari — ilmiy-ma’rifiy muassasa. Namoyish qilish, o’rganish, ko’paytirish maqsadida yovvoyi hayvonlar tutqunlik (qafas, voler) yoki yarim tutqunlik (tabiiy yashash sharoitiga o’xshash maydonlar)da boqiladi. Ba’zi Hayvonot bog’larida uy hayvonlari, ayrimlarida botanikaga oid kollektsiyalar ham (masalan, Parij, qozon va boshqa joylardagi zoobotanika bog’larida) saqlanadi. Hayvonot bog’larida hayvonlar o’rganiladi, tabiiy-ilmiy bilimlar, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish masalalari targ’ib qilinadi, hayvonlarning «qizil kitob» ga kirgan turlari saqlanadi hamda ko’paytiriladi (masalan, zubr, Prjevalskiy oti va boshqalar), hayvonlarni iqlimlashtirish, kasalliklarini o’rganish, davolash va oldini olish choralarini ishlab chiqish va boshqalar ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. O’quvchilar uchun ekskursiyalar, zoologiyaga oid mavzularda lektsiya, biologik ko’rgazmalar uyushtiriladi va boshqalar. Hayvonot bog’lari Misrda miloddan taxminan 1500 yil oldin mavjud bo’lgan. Butun dunyoda 720 dan ortiq Hayvonot bog’lari bor. O’zbekistonda 2 ta hayvonot bog’i mavjud.