Hid bilish
Hid bilish — odam va hayvonlar burun bo’shlig’ining yuqori qismida joylashgan maxsus sezgi a’zolari (hid bilish reseptorlari) orqali hidlarni sezish. Hayvonlarda Hid bilish ovqat qidirish, yo’l topish, aniq joyni belgilash, qarama-qarshi jinsni izlash, shuningdek, bilish vositalaridan biri hisoblanadi va hokazolar. Odamlarda Hid bilishning ahamiyati hayvonlardagiga qaraganda kamroq, biroq Hid bilishning yo’qolishi odam uchun azob hisoblanadi (qattiq tumov bo’lganda ovqatning qanchalik bemaza tuyilishini eslab ko’raylik). Hid bilmaydigan odamlar ko’pincha ovqatdan zaharlanishi mumkin, chunki biror ovqatning sifatliligini hididan bila olmaydi. Har bir odamda ko’pgina hissiyotlar hidni sezishga bog’liq bo’ladi. Yomon hid kayfiyatni buzishi, yaxshisi ko’tarishi mumkin. Hidlarni burunning shilliq pardasida joylashgan maxsus retseptorlar sezadi, u yerda bor-yo’g’i 5— 10 sm2 joyda taxminan 50 million alohida hid sezuvchi retseptorlar bo’ladi. Bunda har bir retseptor yuzasi nihoyatda mayda o’simtalar hisobiga ko’p marta ortadi. Shilliq parda yuzasida joylashgan Hid bilish retseptorlari shu hujayralar ajratadigan shilliq modda bilan doimo namlanib turadi. Hidli moddalar havo bilan burun bo’shlig’iga tushadi, shilliqda eriydi va reseptorlarni ta’sirlaydi, u yerdan hid haqidagi axborot hid bilish nervi orqali bosh miyaga o’tkaziladi, bosh miyada esa bizning hid haqidagi (uning o’tkirligi, sifati va boshqalar) taassurotimiz shakllanadi. Hid bilish analizatorlari xilma-xil hidli moddalar turlarini farqlay oladi. Izquvar it, masalan, hidga qarab ko’pchilik odamlar ichidan ma’lum bittasini topa oladi, ya’ni har bir odam, har bir hayvon faqat o’ziga xos hidga ega. Hid bilish xususan bahorda va yozda, ayniqsa issiq nam havoda, shuningdek, yorug’likda qorong’idagiga qaraganda o’tkir bo’ladi. Retseptorlarning hidli moddalar bilan uzoq vaqt ta’sirlanib turishi shu hidga o’rganib qolishga olib keladi, keyin odam bu hidni sezmaydigan bo’lib qoladi. Bir hidga boshqasi ta’sir qilgandan keyin hidlar aralashib, o’zgacha hidga aylanishi natijasida odam hidga ortiqcha sezgir bo’lib qolishi mumkin. Yosh o’tishi bilan Hid bilish ham susayadi. Hid bilishning buzilishi — hid bilmaslik (anosmiya), turli hidlarga sezuvchanlikning ortishi (giperosmiya), burun shilliq pardalari kasalliklari (tumov), bosh miya ayrim bo’laklarining o’smasi va shikastlanishi ba’zi bir psixik kasalliklarda uchraydi (bunday hollarda Hid bilishga odatda hidlarni sezish gallyusinasiyasi qo’shiladi). Ba’zi homilador ayollarda ham hid bilmaslik holati kuzatiladi. Hid bilish pasayganda yoki yo’qolganda darhol vrachga murojaat qilish va sababini aniqlash zarur.