Hijriy yil hisobi
Hijriy yil hisobi — Musulmonlar yil hisobi. Muhammad (sav) ning Makkadan Madinaga ko’chishi bilan bog’liq. Qamariya (hijriy-qamariy yil) va Shamsiya (hijriy-shamsiy yil)ga bo’linadi. Qamariya bo’yicha yil hisobi 622 yilning 16 iyuli juma kunidan boshlanib, Oyning ketma-ket kelgan ikki bir xil fazasi orasida o’tgan vaqt — sinodik oy (29,530588 kun) davriga asoslangan. 12 oydan iborat bir qamariy yil 354,3671 kundan iborat. Qamariy yilda 1, 3, 5, 7, 9 va 11-oylar 30 kundan, qolganlari 29 kundan butun qilib olingan. Oylar tartibi bilan Muharram, safar, Rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumodul oxir, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavval, zulqa’da va Zulhijja deb ataladi. Qamariy yil tropik yildan 10— 12 kun qisqa. Qamariy yilning ba’zilari kabisa yil bo’lishiga sabab yilning kasr qismi (0,3671 kun) har 30 yilda 11,013 kunni tashkil etishidir. Uning 19 yili oddiy (354 kunlik), 11 yili kabisa (355 kunlik), 38-yillik Arabcha tsiklning 2, 5, 7, 10, 13, 16, 18, 21, 24, 26 va 29-yillari kabisa deb qabul qilingan. Qamariya hisobi Yaqin va O’rta Sharqning ko’p davlatlari va boshqa ba’zi davlatlarda qo’llanadi. Shamsiya 622 yilning bahorgi teng kunlik kuni — 21 martdan boshlab hisoblanadi; keyingi yil boshlari esa 20, 21 yoki 22 martga to’g’ri keladi. Davomiyligi Grigoriy kalendaridagi kabi 365 yoki 366 kundan iborat. Shamsiya bo’yicha oylarning nomlari Hut, Hamal, Savr, Javzo, saraton, Asad, Sumbula, mezon, Aqrab, qavs, jaddi va Dalv bo’lib, bu oylar doimo yilning ma’lum bir vaqtlarida keladi. O’rta Osiyoda yangi uslub keng ommaviylashgunga qadar qamariya hisobi ham, Shamsiya hisobi ham ishlatilib kelingan; Shamsiya hisobi bo’yicha yilning dastlabki kunlarida Navro’z bayrami o’tkazilgan. Hijriy yil hisobining sanalarini yangi uslub (Grigoriy kalendari)ga aylantirishda maxsus formulalar va jadvallar qo’llanadi. Masalan, Grigoriy kalendarining 1980 yil qamariyaning 1399/1400 yillariga va Shamsiyaning 1359/1360 yillariga to’g’ri keladi.