Himoya aslahalari

Himoya aslahalari — jangchilar jangda foydalanadigan himoya vositalari. Qadimda charm ko’krakpo’sh, dubulg’a, qalqon, sovut, zirh, javshan, jubba, hafton, baktar va boshqalar Himoya aslahalari hisoblangan. Otlar ustiga maxsus yopg’ich — bargustvon yopilgan. Og’ir Himoya aslahalari 16-17-asrlargacha qo’llangan. 18-19-asrlarda Yevropa armiyalarida yengil Himoya aslahalari (kaskalar, kirasalar va boshqalar) udum bo’lgan. 1-jahon urushidan boshlab po’lat kaska va shlyomlar, kollektiv himoya vositasi sifatida to’p qalqoni, tank bronyalari va boshqalar qo’llanadigan bo’ldi. Ba’zi zamonaviy armiyalarda po’lat, neylon va boshqa ko’krak «jilet»lari mavjud.