Himoya qoplamasi
Himoya qoplamasi — radioaktiv (kishilarning sog’ligi uchun zararli) moddalarni vaqtinchalik saqlash yoki tashishda xizmat ko’rsatuvchi xodimlarni va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida hosil qilinadigan qatlam. Masalan, ommaviy qirg’in qurollarining chiqindilarini vaqtinchalik saqlashda qalin beton qoplamalar — sarkofaglar qilinadi. Atom bombasi portlaganda aholini himoya qilish uchun qalin (bir necha metrgacha) devorli bombapanalar quriladi. Radioaktiv moddalarni vaqtinchalik saqlash va tashish uchun po’lat Himoya qoplamali qo’rg’oshin kamera yoki po’lat kameralardan foydalaniladi. Radioaktiv modda nurlanganda qo’rg’oshindan ajraladigan issiqlikni yutish uchun suv yoki havo bilan sovitish tizimi ko’zda tutiladi. Keng ma’noda — kishilar, jihozlar va mahsulotlarni atrof-muhitning zararli ta’sirlaridan, temperatura o’zgarishlari tufayli paydo bo’ladigan noxush omillardan asrash uchun qilinadigan muhofaza konstruktsiyalari — qalin beton devorlar, keramzit tomlar va boshqalar. Barcha Himoya qoplamalari vaqtinchalik muhofaza qilish xususiyatiga ega bo’lib, radioaktiv moddalarning zararli ta’sirlaridan butunlay muhofaza qilolmaydi. Ishonchli va uzoq muddatli Himoya qoplamalari va vositalari yaratish insoniyat oldida turgan muhim yumushlardan biri hisoblanadi.