Hisori qo’y zoti
Hisori qo’y zoti — go’sht-yog’ yo’nalishdagi dumbali, dag’al junli qo’y zoti. Tojikistonning Hisor togi etaklarida xalq selektsiyasi yo’li bilan chiqarilgan qadimgi qo’y zotlaridan biri. Hisori qo’y zoti tanasining uzunligi va kengligi, yirik dumbasi, tog’ sharoitiga va yaylovdan-yaylovga ko’chishga moslashganligi, tez yetilishi, keng ko’krak qafasi, baquvvat oyoqlari bilan boshqa dumbali qo’ylardan farq qiladi. Qo’chqor va sovliqlari to’qol. Tusi malla, qo’ng’ir, qora, kamdan-kam oq. Qo’chqorlarining qarchig’ay balandligi o’rtacha 87 santimetr, uzunligi 85 santimetr, sovliqlariniki 79 va 75 santimetr. Qo’chqorlarining tirik vazni 110-120 kilogramm (160-180 kilogramm), sovliklariniki 80-90 kilogramm (110— 115 kilogramm)gacha, dumbasi o’rtacha 15-20 kilogramm (30 kilogrammgacha), 4,5—5 oylik erkak qo’zilarning tirik vazni 50-54 kilogramm, serpushtligi 110-120%. Hisori qo’y zoti sersut qo’ylar hisoblanadi va sovliq suti qo’zilarini parvarishlashga sarflanadi. Jun sifati past. Qo’chqorlaridan 1,3—1,5 kilogramm, sovliqlaridan 1 — 1,2 kilogramm jun qirqib olinadi. Juni faqat namat (kigiz) tayyorlashda ishlatiladi. Sof holda Tojikiston va O’zbekiston («Boysun» va «Hisor» naslchilik shirkat xo’jaliklari)da ko’paytiriladi. Yil bo’yi yaylovda boqiladi. Hisori qo’ylardan boshqa dumbali qo’ylarning zot xususiyatlarini yaxshilashda, yangi zotlar chiqarishda foydalaniladi. Hisori qo’y zoti ishtirokida Tojikiston qo’y zoti chiqarilgan. Ad.:Flrs NXA i on S.I., Gissarskaya ioroda oves, Dushanbe, 1981. Abdusattor Amirov.