Hofiz Ko’hakiy majmuasi
Hofiz Ko’hakiy majmuasi — Toshkentning Sag’bon ko’chasidagi me’moriy yodgorlik (16-asr). Hofiz Ko’hakiy mablag’iga uning rahbarligida qurilgan. Qadimda bu majmua salobatli va Jozibador ilm maskani bo’lgan. Allomaning o’zi madrasada ilmi toliblarga, mahalla yoshlariga dars bergan. Binoning me’moriy yechimi, tashqi ko’rinishi, qurilish xom ashyolari uning 16-asrga mansubligini ko’rsatadi. Majmua to’g’ri to’rtburchak tarhli, bosh tarzi peshtoqli, 1 qavatli; yozgi masjid, madrasa, darvozaxona orqali ichkari (keng hovli)ga kiriladi. Keng hovli o’rtasida hovuz bo’lib, atrofi chinorlar ekib so’lim maskanga aylantirilgan. G’arbiy qismida mezanali baland minora, shifti an’anaviy naqshlar bilan bezatilgan ko’p ustunli ayvon (yozgi masjid), ko’p gumbazli xonaqoh (qishki masjid), ravoqli qator hujralar bo’lgan. Majmuadan yozgi masjid, xonaqohning teng yarmi, hovlining bir qismi, bir nechta hujragina saqlanib qolgan.